HANAFIY MAZHABIGA KO'RA AZONDAGI IKKI TAKBIRNI QO'SHIB AYTISHGA DOIR FATVO

23.04.2025

4941

fatwa

بسم الله الرحمن الرحيم

Kirish

Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda юrtimiz ilm ahllari birlashib, юzaga kelayotgan yangi-yangi masalalarda Islom shariatining munosabatini – hukmini aniqlashlari va uni bugungi kunga tatbiq etish yo'llarini izlashlari ularning zimmalaridagi eng birlamchi vazifalardan sanaladi. Bu borada O'zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi ulamolar hay'ati tomonidan bir qancha amaliy harakatlar qilingan bo'lsada, lekin uning ko'lami va sifatini oshirish dolzarbligicha qolmoqda.

Lekin keyingi yillarda ayrim ahli ilmlarimiz tomonidan dinimizdagi halol-haromga oid yangi va dolzarb muammolar qolib, nari borsa muboh va afzallikka bog'liq bo'lgan, aslida bu borada dinimiz yo'li keng bo'lgan mayda masalalarda turli ixtiloflar qo'zg'ash va ular orqali mo'min-musulmonlarni tarafkashlik qilishga undash, muxolif fikrdagi kishilarni turli toifalarga aloqadorlikda ayblash, bu bilan mo'min-musulmonlarning tafriqaga tushishilariga sababchi bo'lish holatlari uchramoqda. Fiqhiy mazhabi bir, aqidaviy manhaji bir bo'lgan musulmonlar muhim bo'lmagan masalalarda o'zaro tortishib, bir-birlari bilan nafratlashishga, adovatlashishga sababchi bo'lishmoqda. Aslida bunday samarasiz ixtiloflar va tortishuvlardan zarar ko'radigan tomon – aynan musulmon ummatining o'zidir. Bunga tarix shohid.

Ayni paytda qo'zg'algan ana shunday ixtiloflardan biri – azonda ikki takbirni bir nafasda juft qilib aytish yoki ularning orasini ajratib, alohida shaklda aytishga oid masaladir. Aslida hanafiy mazhabimizga ko'ra har ikki holatda ham aytilgan azon durust bo'lishiga qaramasdan, ayrim ahli ilm kishilar ushbu masalada o'zlari bilan hamfikr bo'lmagan tomonni hanafiy mazhabiga zid yo'l tutishda qoralash holati юzaga kelmoqda. Natijada afkor ommada o'zi to'g'ri deb bilgan olimga taassub qilish kuzatilmoqda.

Bunday vaziyatda ixtilofni bartaraf etishning echimi hanafiy mazhabimizdagi eng mo''tabar manbalarga murojaat qilish hisoblanadi. O'zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazining ulamolar hay'ati tomonidan ushbu masala atroflicha o'rganib chiqilib, alohida Fatvo loyihasi tayyorlandi.

Azonda tarassulning sunnat ekani

Azonni shoshilmasdan aytish sunnat hisoblanadi. Hadislarda va fiqhiy kitoblarimizning azon bobida azonni “tarassul” bilan aytish sunnatligi ta'kidlanadi. “Tarassul” lug'atda – “shoshmaslik”, “ohistalik”, “xotirjamlik bilan harakat qilish” degan ma'nolarni anglatadi. Masalan, arab tilida biror kishini юrishi va gapirishgida shoshmasligini ifodalamoqchi bo'linsa: “تَرَسَّل الرَّجُل فِي كَلاَمِهِ وَمَشْيِهِ” ya'ni “Kishi gapi va юrishida shoshilmadi, ohistalik bilan harakat qildi” deyiladi.

Tarassulning istilohiy ma'nosi borasida “Muxtasarul Quduriy”ning mo''tabar sharhlaridan “Yanobi'” kitobida shunday deyilgan:

التَّرُسُلُ أَنْ يَقُولَ: اللهُ أَكْبَر، اللهُ أَكْبَر، وَأَنْ يَقِفَ ثُمَّ يَقُولَ مَرَّةً أُخْرَى مِثْلَهُ، وَكَذَلِكَ يَقِف بَيْنَ كَلِمَتَيْنِ إِلَى آخِرِ الْأَذَانِ

“Tarassul deb muazzinning “Allohu akbar, Allohu akbar” deb, so'ng biroz to'xtab turishiga, so'ng ikkinchi bor “Allohu akbar, Allohu akbar” deyishiga hamda azonning oxirigacha har ikki kalimaning o'rtasida biroz to'xtashiga aytiladi”.

Azonda tarassul sunnat ekaniga ko'palab hadislar dalil bo'ladi. Jumladan, Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bilol roziyallohu anhuga qarata shunday deganlar:

إِذَا أَذَّنْتَ فَتَرَسَّلْ

“Azon aytganingda tarassul – ohistalik bilan aytgin” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Azonni tarassul bilan aytish tartibi

Mo''tabar fiqhiy matn kitoblarimizda ham muazzin azonni “tarassul” bilan ya'ni ohistalik bilan aytishi kerakligi ta'kidlangan. Jumladan “Muxtasarul-viqoya” kitobida shunday deyiladi:

ويترسل به مستقبلا

“(Muazzin) azonni shoshilmasdan, qiblaga qaragan holda aytadi”.

Movarounnahrlik olimlardan Abdulkarim ibn Abdulloh ibn Muhammad Sabbog'iy o'zlarining “Muxtasarul viqoya”ga yozgan sharhlarida “tarassul”ni shunday izohlaganlar:

وَكَيْفِيَّتُهُ أَيْ التَّرُسُلِ أَنْ يَقُولَ: اللهُ أَكْبَر، اللهُ أَكْبَر، وَأَنْ يَقِفَ ثُمَّ يَقُولَ مَرَّةً أُخْرَى، وَهَكَذَا بَيْنَ كُلِّ كَلِمَتَيْنِ

“Tarassulning tartibi shuki, muazzin “Allohu akbar, Allohu akbar” deb, so'ng biroz to'xtab turishi, so'ng ikkinchi bor “Allohu akbar, Allohu akbar” deyishidir” (“Sharhun nuqoya fi muxtasaril viqoya” kitobi).

Yana bir Movarounnahrlik olim Alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh aytadilar:

فنقول: كل تكبيرتين بصوت واحد عندنا، فكأنهما كلمة واحدة فيأتي بهما مرتين كما يأتي بالشهادتين

                                 (بدائع الصنائع في ترتيب الشرائع)            

“Biz aytamizki: “Biz – hanafiylarga ko'ra har ikki takbir xuddi bitta kalimadek, bir ovozda aytiladi. Shunda (to'rt takbir) xuddi shahodat kalimasida bo'lgani kabi ikki urunishda aytiladi” (“Badoius-sanoi'”).

“Muxtasarul Quduriy” kitobining yana bir mo''tabar sharhi “Jome'ul muzmarot”da ham shunday deyilgan:

الترسل أن يقول الله أكبر، الله أكبر، ويقف، ثم يقول مرّة أخرى مثله وكذلك يقف بين كل كلمتين إلى آخر الأذان.

“Tarassul deb muazzinning “Allohu akbar, Allohu akbar” deb, so'ng biroz to'xtab turishiga, so'ng ikkinchi bor “Allohu akbar, Allohu akbar” deyishiga hamda azonning oxirigacha har ikki kalimaning o'rtasida biroz to'xtashiga aytiladi”.

Movarounnahr ulamolaridan Shamsul aimma Saraxsiy o'zlarining mashhur asari “Al-Mabsut” asarlarida azonda ikki takbir bitta ovozda aytilishi bilan – bitta kalima bo'lishini aytib o'tganlar:

فان ذكر التكبير مرتين لما كان بصوت واحد فهو كلمة واحدة

“Takbir kalimasi bitta ovozda ikki marta zikr qilinganda, bitta kalima hisoblanadi”.

Imom Saraxsiy “Al-Mabsut” kitobida jumladan yana shunday deydilar:

ثم قد بينا أن كل تكبيرتين بصوت واحد فكأنهما كلمة واحدة فيأتى بهما مرتين كما يأتي بالشهادتين

“Юqorida bayon qilib o'tdikki, har ikki takbir bir ovozda, xuddi bir kalimadek ikki martadan aytadi. Xuddi shahodat kalimasini aytganidek” (“Al-Mabsut” kitobi).

“Fatavoyi Tatarxoniyya” kitobida ham ushbu masala ochiq bayon qilinib, shunday deyilgan:

قَوْلُهُ: «بِتَرْبِيعِ تَكْبِيرِ» أَيْ: بِصَوْتَيْنِ، كُلُّ تَكْبِيرَتَيْنِ بِصَوْتٍ لَا بِأَرْبَعٍ

“Muazzin to'rt takbirni, ikki nafasda aytadi. Har ikki takbirni bir nafasda aytadi, to'rt nafasda emas”.

Mutaaxxir hanafiy ulamolardan Alloma Sayyid Ahmad Tahtoviy “Maroqil faloh”ga yozgan hoshiyalarida shunday deganlar:

قوله (يكبر في أوله أربعا) بصوتين

“Muazzin azonning avvalida to'rtta takbirni ikki ovozda aytadi”.

Hanafiy mazhabimizdagi yana bir mashhur olim, “muhaqqiqlar xotimasi” nomi bilan mashhur Alloma Ibn Obidin rahimahulloh azon kalimalari o'rtasidagi sakta (jim turish) haqida shunday deganlar:

وَهَذِهِ السَّكْتَةُ بَعْدَ كُلِّ تَكْبِيرَتَيْنِ لَا بَيْنَهُمَا، وَبِهِ صَرَّحَ فِي التَّاتَرْخَانِيَّةِ

“Ushbu sakta (jim turish) har ikki takbirdan keyin bo'ladi, har bir takbir o'rtasida emas. Buni “Tatarxoniyya”da ham ochiq aytilgan” (“Raddul muhtor” kitobi).

E'tiroz va uning javobi

Юrtimizdagi ayrim ahli ilmlar “Azonga ikki takbirni qo'shib aytish “tarassul”ga ziddir. Chunki tarassulning ma'nosi – azon kalimalarini orasini ajratib, alohida-alohida aytish tushuniladi”, deb e'tiroz bildiradilar. Ular ushbu e'tirozlariga quyidagi fiqhiy kitoblardan dalil keltiradilar:

Mulla Ali Al-Qoriy “Muxtasarul-viqoya”ning sharhida shunday deydilar:

ويترسل يتمهل فيه فى الأذان بان يفصل بين كل جملتين منه بسكتة يسع فيه الإجابة

“Azonda tarassul qiladi. Bu har ikki jumlaning orasini azonga javob qaytarish imkonini berar miqdorda muhlatda ajratib aytadi” (“Fathu babil-inaya” kitobi).

Alloma Ibn Nujaym rahimahulloh “Kanzud-daqoiq”ning sharhida shunday deganlar:

ويترسل فيه ويحدر فيها اى يتمهل فى الأذان ويسرع فى الإقامة وحده ان يفصل بين كلمتى الأذان بسكتة بخلاف الإقامة

“Azonda tarassul qiladi iqomada esa tez aytadi. Ya'ni azonni ohista, iqomani tez aytadi. Buning ta'rifi shuki, azonning ikki kalimasini orasini bir sakta (tin olish) bilan ajratadi. Iqomada unday emas” (“Bahrur-roiq” kitobi).

Ushbu iboralarni hujjat qilib, azon takbirlarining har biri alohida aytiladi deydigan muhtaramlar: “Mazkur fiqhiy iboralarda “azonning ikki kalimasini orasi ajratib aytiladi”, deyilmoqda. Azon takbirlari ham alohida kalima bo'lib, ularni orasi ajratib aytilishi kerak”, deydilar. Bunga quyidagicha javob berib o'tamiz:

Birinchidan: Mazkur iboralar bilan юqorida biz zikr qilib o'tgan fiqhiy matnlar o'rtasida ziddiyat yo'q. Chunki ikki takbir bitta ovozda talaffuz qilinganda bitta kalima sanaladi. Buni Shamsul-aimma Saraxsiy ochiq aytib o'tganlar:

فان ذكر التكبير مرتين لما كان بصوت واحد فهو كلمة واحدة

“Takbir kalimasi bitta ovozda ikki marta zikr qilinganda, bitta kalima hisoblanadi” (“Al-Mabsut” kitobi).

Ikkinchidan: “Azonning ikki kalimasini orasi ajratib aytiladi” degan fuqaholarimiz ham ikki takbirni ajratishni qasd qilishmagan. Masalan, “Muxtasarul-viqoya”ning Shamsiddin Muhammad Xurosoniy qalamiga mansub “Jome'ur rumuz” nomli sharhida azonning ikki kalimasini ajratib aytilishi ta'kidlangan:

ويترسل فيه والمعنى يمهل فى الأذان ويفصل بين الكلمتين ولا يجمع بينهما فانه سنة

“Azonda tarassul qiladi. Buning ma'nosi shuki, azon aytish jarayonida har ikki kalimaning orasini biroz muhlat bilan ajratadi. Ikkovini birlashtirib aytmaydi. Shunisi sunnatdir” (“Jomiur rumuz” kitobi, 1-juz, 428-bet).

Lekin aynan shu kitobning ayni sahifasida takbir kalimalari qo'shib aytilganda birinchi kalimaning “ro” harfining e'robi qanday bo'lishi haqida bahs юritib, jumladan shunday deyilgan:

وفي الإطلاق إشعار بأنه يضم الراء في الله أكبر على الخبرية ويسكن جماعة منهم المبرد ثم يفتحون للساكنين أو ينقلون فتحة الهمزة إليه، والأول أصوب كما في المغني اللبيب، واختار الأنباري النقل كما في "المضمرات".

“(Tarassul qiladi, deb matnda) umumiy ibora qo'llanishidan ma'lum bo'ladiki, “Allohu akbar”dagi “ro” harfi xabar (kesim)likka binoan damma qilinadi. Bir jamoa ulamolar, shu jumladan nahviy olim Mubarrad ham: “Aslida “ro” sukunli bo'lib, ikki sukun bir joyda kelib qolgani sababli yoki (lafzi jaloladagi) hamzani fathasini ko'chirilgani sababli “fatha” bilan talaffuz qilinadi, deyishgan. Birinchi gap – ikki sukun bir joyda kelib qolgani sababli fatha qilib talaffuz qilinishi (qoidaga ko'ra) to'g'riroq. “Mug'nil labib” kitobida shunday deyilgan. Anboriy hamzani fathasini ko'chirilishini to'g'ri degan. “Muzmarot”da shunday deyilgan” (“Jomiur rumuz” kitobi, 1-juz, 428-bet).

Bunga ko'ra, “Jomiur rumuz” kitobining sohiblari avval azonda ikki kalima orasini ajratish kerakligini ta'kidlagan bo'lsalar, keyin ikki takbirni qo'shib aytish tartibini o'rgatmoqdalar. Zero, ikki sukun bir joyda kelib qolishi – ikki kalima birga talaffuz qilgandagina юzaga keladi. Xuddi shu holatni “Muhitul Burhoniy”, “Bahrur roiq”, “Muzmarot”, “Tabyinul haqoiq” kabi kitoblarda ham ko'rishimiz mumkin. Ushbu mo''tabar manbalarimizda ham ikki takbirni qo'shib talaffuz qilishning tartibi ta'lim berilgan. Bundan fuqaholarimiz nazdilarida ikki takbirni qo'shib aytish sunnatga xilof emas, balki ayni sunnat ko'rinishi ekani ma'lum bo'ladi. Chunki hech bir fuqaho sunnatning xilofini ta'lim berishi mumkin emas.

Ikkinchi e'tiroz va uning javobi

Yana ayrim ahli ilmlar: “Fuqaholarimiz azon kalimalari o'n beshta bo'ladi, deyishgan. Shunda takbir kalimalari alohida bo'lsagina o'n beshta bo'ladi. Demak bundan takbirlar ham alohida aytilishi kerak”, deyishlari mumkin.

Bunga javob shuki, haqiqatda fuqaholarimiz azon kalimalarini o'n beshta bo'lishini aytib o'tishgan. Lekin bundan azonda ikki takbirni orasini ajratib aytish kerakligini nazarda tutishmagan. Balki bundan azon kalimalarini tarji' bilan o'n to'qqizta bo'ladi, degan shofeiylar hamda tarji' qilish bilan birgalikda takbir kalimalarini ikki martaga qisqartirib, o'n ettita bo'ladi, degan molikiylar o'rtasida farq bor ekanini bayon qilishni maqsad qilishgan. Fuqaholarimizning iboralarini to'liq o'qigan kishiga buni fahmlash qiyin emas.

Qolaversa, azon kalimalarini o'n beshta bo'lishini ta'kidlab o'tgan fatvo kitoblarimizning ayni o'zida ikki takbirni bir ovozda aytish alohida aytib o'tilgan. Masalan, “Fatavoyi hindiyya” kitobining azon bobida:

الأذان خمس عشرة كلمة وآخره عندنا لا إله إلا الله

“Azon biz – hanafiylarga ko'ra, o'n besh kalimadan iborat bo'lib, oxirgi kalima “laa ilaaha illalloh”dir” deyilgan bo'lsa, ayni shu sahifaning o'zida jumladan yana shunday deyiladi:

والترسل أن يقول : الله أكبر الله أكبر ويقف ثم يقول مرة أخرى مثله ، وكذلك يقف بين كل كلمتين إلى آخر الأذان

“Tarassul – azondagi ohistalik muazzinning “Allohu akbar, Allohu akbar” deb, so'ng biroz to'xtab turishi, so'ng ikkinchi bor “Allohu akbar, Allohu akbar” deyishi hamda azonning oxirigacha har ikki kalimaning o'rtasida biroz to'xtashiga aytiladi”.

Demak, “Fatvoyi hindiyya” sohiblari ham azonni o'n beshta kalimadan iborat ekanini aytishdan, ikki takbirni orasini ajratib aytishni nazarda tutmaganlar.

Uchinchi e'tiroz va uning javobi

Yana o'sha ahli ilmlar biroz taslim bo'lib, quyidagicha e'tirozlarini ifoda etishmoqda: “To'g'ri, mazhabimizda ikki takbirni qo'shib aytish ham bor, lekin alohida aytish ham bor. Bizni ota-bobolarimizdan alohida aytishganini eshitib kelganmiz”.

Bunga javob shuki, avvalo mazhabimiz manbalarida azon aytishda ikki xil qavl bor ekani birorta joyda ochiq bayon qilinmagan. Birorta faqih “Bizning mazhabimizda azonning aytish kayfiyati borasida ikki xil qavl bor” demagan. Aksincha, юqorida bayon qilganimizdek, barcha fuqaholarimiz bu masalada yakdil fikrdalar. Faqat masalani bayon qilishda iboralar turlicha bo'lgan xolos. Bundan boshqacha gapni aytgan kishi o'z iddaosini quruq fikr bilan emas, balki aniq manbalar asosida isbotlab berish lozim bo'ladi.

Ikkinchidan, azon Payg'ambarimiz alayhissalom davrlaridan bugungi kunga qadar mutavotir sanadlar asosida naql qilib kelingan. Lekin sobiq sovet davrida ilmni muayyan sanad ila olish silsilasida uzilish юzaga kelgan. Shu sababdan o'sha paytlardagi taomul ayrim masalalarda, jumladan azon masalasida ham manbalarimizdagi tartibdan biroz tafovut qilishi mumkin. Bunda o'sha paytlardagi ota-bobolarimiz ma'zur, balki ma'jur hisoblanadilar. Chunki ular bor imkoniyatlari va ilmlaridan kelib chiqib, dinlariga amal qildilar. Lekin keyingi davrlarda ilmdagi sanadlarga bog'lanish va hanafiy mazhabimiz manbalarida kelgandek amal qilish imkoniyatiga ega bo'lindi.

Azonda har ikki takbirni qo'shib aytilishiga hadislardan dalillar

Azonda ikki takbirni qo'shib aytilishi, har ikki takbirdan keyin vaqf qilinishi sunnat ekaniga ko'plab hadislarda ochiq dalolatlar vorid bo'lgan. Quyida ulardan ayrimlari keltirib o'tamiz:

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِذَا قَالَ الْمُؤَذِّنُ اللهُ أَكْبَر، اللهُ أَكْبَر، فَقَالَ أَحَدُكُمُ: اللهُ أَكْبَر، اللهُ أَكْبَر، ثُمَّ قَالَ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، قَالَ: أَشْهَدُ أَنْ لَاَ إِلَهَ إِلَّا اللهُ، ثُمَّ قَالَ: أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، قَالَ: أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، ثُمَّ قَالَ: حَيَّ عَلَى الصَّلَاةِ، قَالَ: لَا حَوْلَ وَلَا قُوَّةَ إِلَّا بِاللهِ، ثُمَّ قَالَ: حَيَّ عَلَى الْفَلَاحِ، قَالَ: لَا حَوْلَ وَلَا قُوَّةَ إِلَّا بِاللهِ. ثُمَّ قَالَ: اللهُ أَكْبَر، اللهُ أَكْبَر، قَالَ: اللهُ أَكْبَر، اللهُ أَكْبَر، ثُمَّ قَالَ: لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، قَالَ: لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، مِنْ قَلْبِهِ دَخَلَ الْجَنَّةَ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ ، وَالنَّسَائِيُّ، وَابْنُ خَزُيْمَةَ

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh solallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Birorta muazzin “Allohu akbar, Allohu akbar” deganda “Allohu akbar, Allohu akbar” desa; “Allohu akbar, Allohu akbar” deganda, “Allohu akbar, Allohu akbar” desa; “Ashhadu allaa ilaaha illalloh” deganda “Ashhadu allaa ilaaha illalloh” desa; “Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh” deganda “Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh” desa; so'ng “Hayya 'alas-solah” deganda “Laa havla, va laa quvvata illaa billah” desa; “Hayya 'alal falah” deganda “Laa havla, valaa quvvata illaa billah” desa; so'ng «Allohu akbar, Allohu akbar” deganda “Allohu akbar, Allohu akbar” desa; “Laa ilaaha illalloh” deganda chin dildan “Laa ilaaha illalloh” desa, jannatga kiradi” (Imom Muslim, Abu Dovud, Nasaiy, ibn Xuzayma rivoyatlari).

عن أبي أمامة بن سهل قال سمعت معاوية بن أبي سفيان وهو جالس على المنبر أذن المؤذن قال الله أكبر الله أكبر قال معاوية الله أكبر الله أكبر قال أشهد أن لا إله إلا الله فقال معاوية وأنا فقال أشهد أن محمدا رسول الله فقال معاوية وأنا فلما أن قضى التأذين قال يا أيها الناس إني سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم على هذا المجلس حين أذن المؤذن يقول ما سمعتم مني من مقالتي.

Abu Umoma ibn Sahldan rivoyat qilinadi: “Muoviya ibn Abu Sufyondan eshitdim. U minbar ustida o'tirgan edi. Muazzin azon aytib: “Allohu akbar, Allohu akbar”, dedi. Shunda Muoviya: “Allohu akbar, Allohu akbar”, dedi. Muazzin: “Ashhadu anla ilaaha illalloh (Allohdan o'zga iloh yo'q, deb guvohlik beraman)” degan edi, Muoviya: “Men ham” dedi. Muazzin: “Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh (Muhammad Allohning payg'ambari, deb guvohlik beraman)” degan edi, Muoviya: “Men ham” dedi. Muazzin azonni yakunlaganda, Muoviya: “Ey odamlar! Sizlar mendan eshitgan (kalima)larni Men ushbu joyda Rasulloh sollallohu alayhi vasallamdan aytganlarini eshitganman” dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Dardo roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda, Payg'ambarimiz alayhissalom vafotlaridan keyin Bilol roziyallohu anhu Shomga ketib, azon aytmay qo'yadilar. Madinai munavvaraga kelib, Payg'ambarimiz alayhissalomning muborak qabrlarini ziyorat qilganlarida, hazrati Hasan va hazrati Husayn roziyallohu anhumolar u zotdan xuddi Payg'ambarimiz alayhissalomning davrlarida aytganlaridek azon aytib berishlarini iltimos qilishadi. Bu haqdagi rivoyatda jumladan shunday deyiladi:

"... فعلا سطح المسجد فوقف موقفه الذي كان يقف فيه فلما أن قال: الله أكبر الله أكبر ارتجت المدينة فلما أن قال : أشهد أن لا إله إلا الله ازداد رجتها..."

“...Keyin Bilol masjid tomiga chiqib, Rasululloh davrlarida turadigan joyiga turdi. U “Allohu akbar, Allohu akbar”, degan edi, Madina junbushga keldi. “Ashhadu anla ilaaha illalloh” degan edi g'alayon yanada ko'tarildi...” (Ibn Asokir rivoyat qilgan, Tojiddin Subkiy: “Sanadi hujjatga yaroqli” deganlar).

Ushbu va bundan boshqa rivoyatlarda ikki marta takbir aytganda muazzin vaqf qilgani ochiq zikr qilingan. Ushbu rivoyatlar hanafiy fuqaholarimizning ijtihodini qo'llab quvvatlaydi.

Xulosa

  1. Azonning har ikki takbiri – “Allohu akbar, Allohu akbar”ni bir nafasda aytish hanafiy mazhabiga ko'ra sunnat amaldir. Bu mazhabimizning eng mo''tabar manbalarida ochiq aytib o'tilgan. “Allohu akbar, Allohu akbar”dan boshqa kalimalar alohida-alohida aytiladi.

  2. Kimdir azondagi har bir kalimani, shu jumladan “Allohu akbar, Allohu akbar” lafzlarini ham alohida-alohida aytgan bo'lsa, uning azoni durust hisoblanadi, azonni qayta aytish lozim bo'lmaydi.

  3. Mazhabimiz doirasidagi tarassul kabi fiqhiy masalalarda ixtilofga borish – musulmonlarning birdamligiga katta zarba bo'ladi. Bundan faqat Islom ummatining o'zi zarar ko'radi. Chunki bunday ixtiloflar bug'zu adovat, nafrat va tarafkashlik kabi shariatimizda harom bo'lgan ishlarga olib boradi. Tavfiq Allohdan.

Fatvo loyihasini Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdulatif domla Tursunov tayyorladi.

Fatvo loyihasi bilan tanishib chiqib, rozilik bildirgan ulamolar:

  1. Shayx Nuriddin domla Xoliqnazar – Fatvo hay'ati raisi, O'zbekiston musulmonlari idorasining raisi, muftiy, Fatvo markazi direktori;

  2. Homidjon domla Ishmatbekov – Fatvo hay'ati a'zosi, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari;

  3. Muhammad Aюbxon domla Homidov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi;

  4. Saidjamol domla Masaitov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, falsafa fanlari doktori;

  5. Soatmurod domla Primov – Toshkent islom instituti prorektori, doцent;

  6. Yahyo domla Razzoqov – Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi;

  7. Farhod domla Jo'raev – Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi;

  8. G'ulomiddin domla Xolboev – Fatvo markazi direktor o'rinbosari, Toshkent islom instituti o'qituvchisi;

  9. Hikmatulloh domla Toshtemirov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi;

  10. Habibulloh domla Jo'raboev – Fatvo markazi etakchi mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi;

  11. Abdug'ofur domla Niyozqulov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti o'qituvchisi;

  12. Sayidahmad domla Saydaraliev – Fatvo markazi etakchi mutaxassisi;

  13. Abduvohid domla Ahmadaliev – Fatvo markazi mutaxassisi;

  14. Otabek domla Mamadiev – Fatvo markazi mutaxassisi;

  15. Yorqinjon domla Jumaboev – Fatvo markazi mutaxassisi;

  16. Zikriyo domla Boborahimov – Fatvo markazi mutaxassisi;

  17. Muhammadjon domla Ibragimov – Fatvo markazi mutaxassisi.

Boshqa Fatvolar