SAFAR MASOFASI HAQIDA FATVO

17.02.2026

2313

fatwa

🌙 ULAMOLAR KENGASHI SAFAR MASOFASI HAQIDA FATVO E'LON QILDI

⏺بسم الله الرحمن الرحيم الحمد لله رب العالمين والصلاة والسلام على رسولنا محمد وعلى آله واصحابه اجمعين

✍️Safar masofasi miqdori haqida FATVO

Alloh bandalariga engillikni iroda qiladi: يُرِيدُ اللَّهُ أَنْ يُخَفِّفَ عَنْكُمْ وَخُلِقَ الْإِنْسَانُ ضَعِيفًا

☝️“Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) engillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilganda!” (Niso surasi 28-oyat).

Musofirning safari davomida ba'zi ruxsatlardan foydalanishi mana shu engillik jumlasidandir.

🌙 Hanafiy mazhabi ulamolari safar masofasini o'rtacha yurishda uch kunlik yo'l bilan belgilaganlar. Ularning dalili Ibn Hibbon o'zining “Sahih”ida rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharifdir.

عن عبد الرحمن بن أبي بكرة عن أبيه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم وقت في المسح على الخفين ثلاثة أيام ولياليهن للمسافر وللمقيم يوما وليلة

⏺Abdurrahmon ibn Abu Bakra roziyallohu anhu otalaridan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mahsiga mash tortishni musofir uchun uch kechayu uch kunduz, muqim uchun bir kechayu bir kunduz qilib belgilab berdilar”.

💬Vatandoshimiz Imom Marg'inoniy rahimahulloh bu mavzuda shunday deydilar: والسير المذكور هو الوسط وعن أبي حنيفة رحمه الله التقدير بالمراحل وهو قريب من الأول ولا معتبر بالفراسخ هو الصحيح “...Mazkur (piyoda yoki tuya bilan) yurish – yurishlarning o'rtachasidir. Imom Abu Hanifa rahimahullohdan safar masofasini marhala – ma'lum o'lchov masofasi bilan belgilash rivoyat qilingan. Ushbu rivoyat kunlar bilan belgilash haqidagi rivoyatga yaqindir. Fatvo berilgan gapga ko'ra safar masofasini farsaxlar (masofa o'lchov birliklari) bilan belgilashning e'tibori yo'q” (“Hidoya”, Musofirning namozi bobi).

🚶‍♂️Safar masofasi farsaxlar bilan emas, balki kunlar bilan o'lchanishi, yilning eng qisqa kunida o'rtacha (piyoda yoki tuyada) yurish bilan bo'lishi hanafiylarning mo''tabar matnlari va ularning sharhlarida ham zikr qilingan. Har kuni kechgacha yurish emas, balki har kuni tongdan zavolgacha yurish shart qilinadi.

🗓 Safar masofasini aniqlash uchun yilning eng qisqa kuni 21-dekabrning tong otgandan zavolgacha bo'lgan vaqtini hisoblasak, taqriban 6 soat bo'ladi. Tajriba uchun yurtimizning 3 ta (Qashqadaryo, Jizzax va Farg'ona) viloyatida tekis yo'lda 3 kishi 6 soat davomida o'rtacha yurishda safar qilishdi.

📊 Bosib o'tilgan masofa o'lchab ko'rilganda:

  1. 1-kishi 6 soatda 30 km yo'l yurdi. 3 kunda 90 km bo'ladi.
  2. 2-kishi 6 soatda 28,5 km yo'l yurdi. 3 kunda 85,5 km bo'ladi.
  3. 3-kishi 6 soatda 27,6 km yo'l yurdi. 3 kunda 82,8 km bo'ladi.

✅ Demak, kishi o'rtacha yurishda uch kunda, ko'pi bilan 90 km yo'l yuradi. Bu hisob masofani farsax bilan belgilagan mazhabimizning ayrim mashoyixlarining so'zi (18 farsax)ga ham juda yaqin.

📝 Xulosa, O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi yuqoridagi dalil va tajribalarni e'tiborga olib, safar masofasini 90 km deb belgiladi. Vallohu a'lam.

✅ O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi,

Milodiy 2025 yil 29 dekabr Hijriy 1447 yil 9 Rajab

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

Boshqa Fatvolar