Ertalab saharlikka uyg'onmasdan ro'za tutish mumkinmi?
Ulamolar fikriga ko'ra, ro'za ibodati – ro'zaga layoqatli kishining tong otgandan quyosh botgunicha niyat bilan eyish-ichishi va ortiqcha zararli odatlardan tiyilishidir. Mazkur narsalardan tiyilsaю umuman Ramazon ro'zasini tutishni niyat qilmasa, ro'zasi qabul bo'lmaydi. Ramazon ro'zasining har kuni uchun alohida niyat qilinadi. Ertangi kun uchun niyat qilishni quyosh botishi bilan qilish mumkin. Niyatni qalbda qilish farz bo'lib, tilda ham aytish mustahabdir.
Xo'sh, ertalab saharlikka uyg'onmasdan ro'za tutish mumkinmi?
Mazkur savolga O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Zikriyo Boborahimov javob beradi.
– Saharlik qilishning ko'p va xo'p fazilatlari bor. Ro'zador saharlikka turib, bir qultum suv ichib bo'lsada saharlik qilib olsa, shu holda ham saharlik qilgan bo'ladi. Saharlik shar'iy jihatdan mandub-mustahab amaldir. Saharlikni oxirgi vaqtigacha surib, iftorlikni avvalgi vaqtida qilish mustahabdir.
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar: “Saharlik qilinglar! Zero, shak yo'qki, saharlik barakadir!”. Miqdom ibn Ma'dikaraba roziyallohu anhu rivoyatida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Bu saharlikni o'zingizga lozim tutinglar! Zero, bu muborak oziqdir”.
Rivoyat qilishlaricha, ozgina bo'lsa ham saharlik qilish sunnatdir. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro'zani buzadigan (ya'ni, eb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro'zani tutishni to peshin vaqti kirgunicha niyat qilsa, tutgan ro'zasi durust bo'ladi.
Shuningdek, dinimizda iftorlikni tezlashtirishga targ'ib qilingan, og'iz ochishni qasddan Shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Iftorni tezlatish afzal va quyosh botishi bilan namozdan oldin og'iz ochish mustahabdir. Ish tufayli ro'zani tark qilishga ruxsat yo'q. Ammo ro'zadorga ish chog'ida ro'zani ochishga shar'iy uzr (ro'zani ochmasa, joniga zarar etadigan holat) paydo bo'lsa ro'zasini ochadi. Uning zimmasiga qazo lozim bo'ladi, kafforat emas.

Zikriyo domla Boborahimov O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi.