Assalomu alaykum. "Asr namozini qazo qilgan odamning qilgan amallari xabata (bekor) ketibdi" hadisining tafsiloti qanaqa? Nimaga zohiriy ma'nosi olinmaydi? Ba'zi domlalardan eshitishimcha, 1 kunlik amali bekor ketar ekan. Lekin ishonchli va rasmiy fatvo markazidan fatvo olishni istayman. Javob uchun rahmat.
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Bismillahir rohmanir rohim. Burayda Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim asr namozini tark qilsa, uning amali habata (bekor) bo'libdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). “... tark qilsa”dan murod, uzrsiz ravishda qasddan tark qilsa. “uning amali habata (bekor) bo'libdi” – ushbu ibora “amalning o'zi butunlay yo'q bo'lib qoladi” degan ma'noda emas, zotan shu ma'noda bo'lganda bu odam shu paytgacha bajargan namoz, ro'za, zakot va hajlarni qayta qilishi kerak bo'lardi. Balki amalning ajri mukofoti bekor bo'lib, savobi ketadi, degan ma'nodadir. Ulamolar mazkur hadisdagi “amali habata (bekor) bo'libdi” iborasining ma'nosi borasida turlicha fikrlar bildirganlar. Ibn Qoyyim rahimahulloh “Bu erda o'sha kundagi amallar habata bo'lishi nazarda tutilmoqda”, deganlar. Ibn Abdul Barr rahimahulloh “Tamhid”da shunday deydilar: “Ushbu hadisdagi “amali bekor bo'libdi” degan so'zning ma'nosi “o'sha namozning savobi bekor bo'libdi” demakdir. Ya'ni ushbu namozni o'z vaqtida o'qigan kishining ajr-mukofotidan mahrum bo'ladi. Bu uning boshqa barcha namozlari va boshqa barcha solih amallari habata bo'ladi, degani emas. Bunday ta'vildan Allohning O'zi asarasin! Zero, bu xorijiylarning mazhabidir. To'g'risi, amallarni faqat va faqat Allohga kufr keltirishgina butunlay yo'qqa chiqaradi. Alloh taolo aytadi: “Kim iymondan keyin kufrga qaytsa, batahqiq, uning amali bekor bo'libdi” (Moida surasi, 5-oyat). Ushbu oyatda ochiq-oydin dalil borki, kimda-kim iymondan qaytmasa, uning amali butunlay bekor bo'lmaydi”. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “Fathul Boriy sharhu Sahihil Buxoriy”da bunday deganlar: “Bir qavlda aytilishicha, bu majoziy o'xshatish bo'lib, undan ko'zlangan ma'no “Uning qilgan ishi xuddi amali bekor bo'lgan kimsaga o'xshab qolibdi”, demakdir. Boshqa bir fikrga ko'ra, buning ma'nosi: “Amali bekor bo'lishiga sal qoldi”, deganidir. Yana bir qarashga ko'ra esa bu erdagi “amalning habata bo'lishi“dan murod amallar Alloh taologa ko'tariladigan o'sha xos vaqtda amalning nuqsonga uchrashidir. Go'yoki bu erda “amal” deganda faqat asr namozining o'zi nazarda tutilgan. Ya'ni u asr namozini o'z vaqtida o'qiganlarning ajrini qo'lga kirita olmaydi va o'sha paytda uning bu namozi xos fazilat bilan юqoriga ko'tarilmaydi. ... Yana bir fikrga ko'ra, hadisdagi “amal”dan murod insonni namozdan chalg'itib, uni tark qilishiga sabab bo'lgan dunyoviy ishidir. Ya'ni u o'sha mashg'ul bo'lgan dunyo ishidan baraka va manfaat ko'rmaydi, undan bahramand bo'lolmaydi. Ushbu ta'villar ichida haqiqatga eng yaqini shuki, bu so'z qattiq ogohlantirish (zajr va tahdid) maqomida bo'lib, uning zohiriy ma'nosi ko'zda tutilmagan”. Vallohu a'lam.