Bir tanishim o'g'lim uylangandan keyin bir kvartirada birgalikda yashaymiz, ko'p xonalik kvartira, bir xonasiga o'g'limga ajratilgan. O'g'lim ba'zan ba'zi turli tansiq taomlar va shirinliklar olib kelib hammadan ba'zan yashirib xotini bilan o'zlari istemol qilishadi, ba'zi shirinliklar ortiqchasi bilan olib xonasiga ob kirib quyib, boshqalarga berishmaydi, ammo buni onasi singillari buni biladi. Islomiy qoidalar asosida shunaqa kuchli nasihat qilingki, ta'sir qilsin. Ertaga qaytar dunyo bo'lib o'ziga qaytib kelmaslik uchun bu ishni qilishni to'xtatsin, to'g'ri xotin omonat, ammo onadan yashirib yeyish juda katta jinoyat bo'lsa kerak deb uylayman, chunki jannat onalar oyog'i ostidadir. Onasi Allohdan ofiyat so'raydi. Ba'zan onasiga jahl qilib baqirgan vaqtlari ham bo'lgan. Yolg'on ham gapiradigan odati bor. Namozga mas'uliyatsiz, ko'ngli tusasa o'qiydi, hohlamasa umuman o'qimaydi. Qanday yo'l tutish kerak.
Alloh taolo dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni hurmat-ehtirom qilishga, ularga doim yaxshilik qilishga chaqiradi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا ya’ni: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik” (Ahqof, 15-oyat). Ota-ona keksalik yoshiga yetganda ularga g‘amxo‘rlik qilish haqida Alloh taolo Isro surasining 23-oyatida bunday marhamat qiladi: وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا ya’ni: “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt”. Mazkur oyatda Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga buyurib, ortidanoq ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu hol o‘z navbatida Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini bildiradi. Shu bilan birga, ularga keksaygan vaqtlarida ko‘proq g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni ranjitmaslik, hatto ularni oldida “uf” tortishdan ham qaytarilmoqda. Zero, inson biror narsadan malollangan paytda, beixtiyor “uf” deb yuboradi. Demak, Alloh taolo ota-onaga ozor berishning eng kichik ko‘rinishidan ham qaytarmoqda. Tarixda o‘tgan vatandosh allomalarimizdan Qozi Abu Zayd Dabusiy rohimahulloh ushbu oyat tafsirida bunday degan: “Oyati karimada farzand ota-onasining oldida “uf” deya, ularga ozor berishidan qaytarilar ekan, undan yuqori turuvchi gap qaytarish, ota-onani jerkish, qarovsiz qoldirish kabi ishlar o‘z-o‘zidan harom sanaladi”. Afsuslar bo‘lsinkim, bugungi kunda ba’zi farzandlar ota-onalarini keksaygan chog‘larida, kunlik zarur oziq-ovqat yoki dori-darmonlarsiz, qarovsiz qoldirib, ularga ozor bermoqdalar. Hatto ba’zi holatlarda ularni qariyalar uyiga olib borib tashlash holatlari ham uchrab turibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ota-onasiga qo‘l ko‘targan nobakor farzandlarni ko‘rib, beixtiyor yoqa ushlaydi odam. Alloh saqlasin! Bunday farzandlar ota-onaga oq bo‘lib qolishlari mumkin. Zero, farzand xoh so‘z bilan, xoh amal bilan bo‘lsin, ota-onani yig‘latsa yoki ozor bersa, dinimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra, ota-onasiga oq bo‘lgan sanaladi. Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandning umri ziyoda, rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُمَدَّ لَهُ فِى عُمْرِهِ وَيُزَادَ لَهُ فِى رِزْقِهِ فَلْيَبَرَّ وَالِدَيْهِ وَلْيَصِلْ رَحِمَهُ ya’ni: “Kimni umri uzun va rizqi keng bo‘lishi xursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin”, – dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).