Inson solih yoki soliha juft topishga harakat qilishi joizmi yoki Allohga tavakkal qilish kerakmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ushbu savol Alloh taologa tavakkul qilishning ma’nosini yaxshi tushunmaslikdan kelib chiqqani ko‘rinib turibdi. Tavakkulni Ibn Rajab “Jome’ul ulum val hikam” kitobida quyidagicha ta’riflaydilar:
وقال ابن رجب رحمه الله: هو صدق اعتماد القلب على الله عز وجل في استجلاب المصالح ودفع المضار من أمور الدنيا والآخرة كلها
“Tavakkul dunyo va oxirat ishlarida foydani jalb va zararni daf qilish bo‘yicha Alloh azza va jallaga sidqidildan suyanishdir. Ishlarning barchasini Unga havola qilishdir. Undan o‘zgasi biror narsani bera olmasligiga, man qila olmasligiga, zarar yetkaza olmasligiga va foyda bera olmasligiga bo‘lgan iymonni ro‘yobga chiqarishdir” (409-bet).
Tavakkul qilish deganda – kishi bor imkoniyatidan kelib chiqib, sabablarni ushlab, bir ishga qasd qilgandan keyin – uning natijasi yaxshi bo‘lishida Allohga suyanish tushuniladi. Alloh taolo shunday degan:
فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ (آل عمران: 159)
“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Ushbu oyatda ham kishi biror ishni puxta o‘ylab, unda aniq bir qaror qabul qilgandan keyin tavakkul qilish keakligi tushuniladi. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
فعن أنس بن مالك رضي الله عنه قال: جاء رجل إلى النبي صلى الله عليه وسلم على ناقةٍ له فقال يا رسول الله أدعها وأتوكل. فقال صلى الله عليه وسلم: «اعقلها وتوكل» (رواه الترمذي)
Bir kishi Nabiy alayhissalomning oldilariga kelib, U Zotdan: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkal qilaymi?”, so‘radi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkal qil”, dedilar.
Shundan kelib chiqib, Siz o‘zingiz uchun soliha juft qidirib, qo‘lingizdan kelgancha, biladigan kishilardan so‘rab-surushtiring. Bir to‘xtamga kelgandan keyin Allohga tavakkul qilib, bo‘lajak oilangizning oqibatini xayrli qilishini U Zotdan so‘rang. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.