Erkak kishi ayoli bo‘laturib boshqa ayollar bilan zino qilib yursa buning badalini to‘lar ekan shu rostmi? Bu haqida hadisda kelganmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Quyidagi hadisdan har bir oqil kishi o‘ziga kerakli xulosani chiqarsa bo‘ladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Boshqalarning ayollaridan o‘zingizni tiying. Boshqalar ham sizlarning ayollaringizdan tiyiladi. Otalaringizga yaxshilik qiling. O‘g‘illaringiz sizlarga yaxshilik qilishadi. Biror kishining oldiga birodari beg‘araz niyatda kelsa, u haq bo‘lsin, nohaq bo‘lsin uni qabul qilsin. Kim shuni qabul qilmasa, mening hovuzim – Kavsarda cho‘milmaydi”, dedilar. (Imom Hokim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Rasul Akram sollollohu alayhi vasallam bizlarga uchta narsani bayon qilib bermoqda: Shulardan bizga berilgan savolga ta’alluqli bo‘lgan birinchisiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Erkak kishi o‘zi iffatli, pokiza bo‘lsa, ahli ayoli va unga ta’lluqli bo‘lgan ayollar ham pokiza va iffatli bo‘lar ekan. Demak, qachonki biz erkaklar haromdan hazar qilib, o‘zimizni nomahram ayollardan saqlasak, Izzat va ulug‘lik Robbisi bo‘lgan Zot O‘zi bizlarni iffatimizni hamda buzuq ishlardan saqlanganligimizga mukofat o‘laroq, ayollarimizni turli fahsh va buzuqliklardan saqlar ekan. (Birrul volidayn, 46 bet). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.