Insonlarning ichiga jin kirishi haqida so‘ramoqchi edim. Ba’zi videolarda shu narsalarni ko‘ryapmiz, insonni ichiga jin kirishi mumkinmi? Oldindan rahmat!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Insonga jin kirish masalasi ulamolar o‘rtasida ixtilofli masala hisoblanadi. “Umdatul Qoriy” kitobining sohibi Badriddin Ayniy rahimahulloh bu borada Shayx Abul Abbosning so‘zini keltirganlar: "Juboi’y, Abu Bakr Roziy, Muhammad ibn Zakariyo kabi ba’zi mo‘tazilalar va boshqalar jinning mavjudligini iqror qilish bilan bir qatorda insonning badaniga jin kirishini inkor qilganlar va bir jasadda ikki ruh bo‘lishini amri mahol ish sanaganlar. Ammo bu xatodir".
Imom Abulhasan Al Ash’ariy “Maqolotu ahlis-sunna val jamo’a”da zikr qilishicha jinlar insonning badaniga kiradi. Bunga Baqara surasi 275-oyatni dalil qiladilar:
الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لَا يَقُومُونَ إِلَّا كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ
ya’ni: “Sudxo‘rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam kabi (holatda) turadilar...” (Baqara surasi 275-oyat).
Ahmad ibn Hanbalning o‘g‘li Abdulloh aytadi: Men otamga: “Ba’zilar jinlar insonning badaniga kirmaydi, deydilar”, – dedim. Otam: “Yolg‘on aytadilar. Qara axir jin insonning tilidan gapiradi”, – dedilar. Abu Dovud Ummu Abondan rivoyat qilgan hadisda: “Chiq, ey Allohning dushmani!” – deyiladi. Shuningdek, Usoma ibn Zaydning hadisida ham: “Chiq, ey Allohning dushmani. Albatta, men Allohning Rasuliman!” – deyilgan. Shayx Abduljabbor aytadilar: Jinlarning jismi havo kabidir. Shuning uchun ular insonning badaniga kirishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.