ZAKOTNI MEN BERAMANMI YOKI OTAMMI?

ID: 922

04.04.2025

46

Savol:

Men savdo sohasida ishlayman. Nisobdan oshgan molim bor. Deyarli har kuni almashinib sotiladi. Mol otamning ixtiyorida. Bunga zakot xukmi qanday bo‘ladi? Otamga vojib bo‘ladimi yoki mengami?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Mol kimniki bo‘lsa, o‘sha kishi zakot beradi. Bu haqida Imom Saraxsiy shunday deydilar:

والزكاة تجب على المالك

ya’ni: “Zakot molning egasiga vojib bo‘ladi” (“Al-Mabsut” kitobi).

Zakot quyidagi narsalarda vojib bo‘ladi:

  1. Tillo, kumush, qog‘oz pullar, qimmatli qog‘ozlar va tangalar;
  2. Tijorat mollari, ya’ni oldi-sotti qilinadigan har qanday narsa;
  3. Chorva mollari – tuya, mol, qo‘tos, qo‘y, echki, ot;
  4. Dehqonchilik mahsulotlari.

Zakotni hisoblaganda tillo, kumush, qog‘oz pullar, qimmatli qog‘ozlar va tangalarga tijorat mollarining qiymatini qo‘shib hisoblaydi. Bir kishining tilla, kumush, qog‘oz pullar, qimmatli qog‘ozlar va tijorat mollari eng kamida 85 gr tillo yoki uning qiymatiga yetsa hamda yana bir yil hojatdan ortiqcha bo‘lib, kamaymasdan tursa, molining qirqdan birini zakot sifatida berish shart bo‘ladi. Bu haqida Alloh taolo shunday deydi:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ.

ya’ni: “(Ey, mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz” (Nur surasi 56-oyat).

Tijorat moli har kuni yangilanib tursa ham, nisobga yetganidan bir yil o‘tgach, uning qirqdan birini zakot sifatida muhtojlarga chiqarish farzdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar