Misol uchun molimdan to‘rt million so‘m zakot berishim kerak. Bu pulni bitta odamga beramanmi yoki ikki uchta odamga bersam ham bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Zakot kimga berilishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
ya’ni: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 60-oyat).
Demak, zakot beriladigan 8 ta toifa insonlar bor:
Yuqorida sanab o‘tilganlardan ikki toifasi: “dillari Islomga oshno qilinuvchilar” va “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud bo‘lmaganligi uchun zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan.
Demak, zakot beruvchi zakotini qolgan olti toifaning har biriga yoki ba’zisiga berishda ixtiyorlidir. Shuningdek, "Muxtasarul-viqoya" kitobida: "Bir kishiga zakotdan bir kunga yetarli, yana o‘zgalardan so‘rashga hojat qoldirmaydigan miqdorda berish mustahabdir", – deyilgan. Bir kun to‘liq so‘rashdan behojat bo‘lish deganda faqatgina faqirning o‘zi emas balki uning ahli ayolini ham bir kunlik so‘rashdan behojatligi iroda qilingan.
Shu o‘rinda: "Qarzi yo‘q faqirga nisob miqdoricha zakotdan berish makruhdir", – degan iborani ham eslab o‘tishimiz kerak. Buning misoli: farazan nisob miqdori yigirma million deb belgilangan bo‘lsa-yu chiqaradigan zakoti yigirma millionga yetsa, ana shu summani qarzi yo‘q bir faqirga berishi makruh bo‘ladi. Agar faqirni qarzi bo‘lib, qarzini ado qilgandan qolgan pul nisob miqdoriga yetmasa yoki qarzdan so‘ng hech narsa qolmasa, nisob miqdoricha berish ham joiz bo‘ladi (“Umdatul fiqh” kitobi).
Xulosa shuki zakot oz miqdorda bo‘lsa bir sinfga, balki bir shaxsga bergan afzal. Chunki, oz narsani ko‘pchilikka tarqatilganda zakotdan ko‘zlangan asosiy maqsad hosil bo‘lmaydi. Oz kishilarga tarqatilganda esa, oz bo‘lsa ham maqsad hosil bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.