Zakot berishda mahsulot o‘rniga pulini berishni bildim. Pul o‘rniga talabalarga zarur kitoblarni olib bersa ham bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Mazhabimizga ko‘ra zakotda uning qiymatini berish mumkin. Bunda beriladigan buyumning faqirlarga manfaatlirog‘ bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mahsulot o‘rniga uning qiymatidagi boshqa narsani zakot olishga haqli bo‘lgan kishiga olib berishi ham mumkin.
Shuning uchun agar talaba, ahli ilmlar zakot olishga haqli bo‘lsa, unga zarur kitobni olib berish mumkin. Bunda berilgan kitob talabaning shaxsiy mulkiga o‘tishi kerak. Bunday qilsa ilm ahlini qo‘llab quvvatlagani va ilmni tarqatishga hissa qo‘shgani uchun ham ziyoda ajrga ega bo‘ladi. Ammo bu ishni muassasalarga qilib bo‘lmaydi. Masalan, kitoblarni oliygohning kutubxonasiga olib berib, umumfoydalanish uchun qo‘yishlik bilan zakot ado bo‘lmaydi. Chunki zakot yuqorida aytilganidek shaxslarga mulk qilib berish bilan ado bo‘ladi. “Raddul muhtor” kitobida bunday deyilgan:
إذا کان یعول یتیماً و یجعل ما یکسوہ و یطعمه من زکاة ماله ففي الکسوۃ لا شكّ في الجواز لوجود الرکن و هو التملیك، و أمّا الطعام فما یدفعه إلیه بیدہ یجوز أیضاً لما قلنا بخلاف ما یأ کله بلا دفعٍ إلیه
“Yetimning vasiysi o‘z zakotidan uning kiyimi va yeb-ichadigan narsasi uchun bersa, kiyimida zakot shaksiz o‘tadi. Chunki mulk qilib berish topiladi. Shuningdek, yegulikni ham unga o‘z qo‘llari bilan topshirgan qismida o‘tadi. Ammo yetimning o‘ziga berilmasdan yedirilgan qismida zakot o‘tmaydi. Chunki bu holatda mulk qilib berish topilmaydi”. Vallohu a’lam. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.