ZAKOT KIMLARGA BERILADI VA KIMLARGA BERILMAYDI?

ID: 595

04.04.2025

255

Savol:

Zakot kimlarga beriladi va kimlarga berilmaydi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Zakot kimga berilishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:

إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ  

ya’ni: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 60-oyat).

Demak, zakot beriladigan 8 ta toifa insonlar bor:

  1. Faqir – moli nisobga yetmagan shaxs;
  2. Miskin – hech narsasi yo‘q kishi;
  3. Zakot yig‘ish ishida band bo‘lganlar;
  4. Dillari Islomga oshno qilinuvchi g‘ayri dinlar;
  5. Mukotab qullar;
  6. Agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi;
  7. Alloh yo‘lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo‘lib qolgan hojilar tushuniladi);
  8. Yo‘lda qolganlar (moli boru o‘zi bilan birga emas).

Yuqorida sanab o‘tilganlardan “dillari Islomga oshno qilinuvchilar” hazrati Umar davrida  zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan. Quldorlik tugatilgani sababli “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud emas.

Zakot berishni, haqli bo‘lishsa, aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, amaki-amma va ularning farzandlari, tog‘a-xola va ularning farzandlaridan boshlash afzaldir.

Kimlarga zakot berilmaydi:

Shariatimizga ko‘ra quyidagilarga zakot berilmaydi:

  1. Boy kishilarga;
  2. Boshqa din vakillariga;
  3. Boy kishining balog‘atga yetmagan farzandiga;
  4. O‘rtalarida tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar ya’ni, ota-ona va o‘g‘il-qizlarga;
  5. Er yoki xotinga;
  6. Hoshimiylar, ya’ni, Payg‘ambarimiz alayhissalomning qarindoshlariga. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar