ZAKOT

ID: 2294

31.08.2025

206

Savol:

Bankdan kredit olgan yokida qarz olib onlayn qimorga tikib yuborgan. Soʻng bu ishidan tavba qilgan odamga zakot bersa boʻladimi?

Javob:

Zakot beriladigan kishilarning eng muhim shartlaridan biri ularning asosiy ehtiyojlaridan ortiqcha nisob miqdoridagi mol-mulkka ega emasligidir. Qarzdor kishi, agarchi boshqa mol-mulki bo‘lsa ham, qarzini ayirganda qo‘lida nisob miqdoricha mablag‘ qolmasa, u faqir hisoblanadi va unga zakot berish joiz. Lekin, qarzning nima sababdan olingani ham muhim ahamiyatga ega. Agar bir kishi bankdan foizli kredit olgan bo‘lsa yoki onlayn qimor kabi shar’an harom bo‘lgan ishga qarzga pul tikib, yutqazgan bo‘lsa va endi bu ishidan chin dildan tavba qilgan bo‘lsa, unga zakot berish masalasi nozik jihatlarga ega.

Olimlar bunday holatda zakot bermaslikni afzal ko‘rishganining asosiy sababi shundaki, zakot — bu ibodatdir, u gunoh va ma’siyat yo‘lida orttirilgan qarzlarni yopish uchun vositaga aylanib qolmasligi kerak. Agar shariatga zid bo‘lgan (masalan, foizli qarz yoki qimor) ishlar uchun olingan qarzlarni yopishga zakot berish keng tus olsa, bu boshqalarga ham shunday gunoh ishlarga jur’at qilishiga yo‘l ochishi mumkin. Shuning uchun, garchi qarzdor muhtoj holga tushib qolgan bo‘lsa-da, zakot pulini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning o‘sha gunohdan kelib chiqqan qarzini uzish uchun berishdan tiyilish tavsiya etiladi. Buning o‘rniga, uning yeb-ichishi, kiyim-kechagi va boshqa asosiy hayotiy ehtiyojlari uchun zakot berish mumkin. Bu bilan ham zakot o‘z o‘rniga tushadi, ham gunohga yo‘l qo‘yilgan ishga bevosita yordam berilmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar