Assalomu alaykum. Mening uchta qizim bor. Ovsinimning bitta o‘g‘li bor, keyin farzand bo‘lmagan. Men uchinchi qizimni agar qiz tug‘sam, shu kishiga beraman, deganman va tug‘ilganidan berdim. Bitta uyda turamiz, tarbiyasida bevosita faol ishtirok etmoqdaman. Lekin yaqinda bir gap eshitib qoldim: farzandni boshqaga berish gunoh emish. Shunda men bir oilaning baxtini butun (to‘kis) qilaman deb, o‘zim bilmagan holda gunohkor bo‘ldimmi? Endi nima qilsam bo‘ladi?
Vaalaykum assalom. Siz bu ishingiz bilan gunohkor bo‘lmagansiz. Shariatda harom qilingan va gunoh hisoblanadigan narsa "tabanniy", ya’ni bolaning nasabini butunlay o‘zgartirish, uni asl ota-onasidan uzib, tarbiyalagan kishining nomiga o‘tkazishdir. Bunday qilish voqelikda bolaning meros, nikoh va boshqa shar’iy huquqlarini poymol qilishga olib keladi. Sizning holatingizda esa, qizning asl ota-onasi barchaga ma’lum, o‘zingiz ham tarbiyasida faol ishtirok etmoqdasiz. Bu shariatda man qilingan ish emas, balki tarbiyalashga yordam berish hisoblanadi. Demak, kelajakda qiz o‘z nasabini aniq bilsa va meros huquqi uning asl oilasiga nisbatan qo‘llaniladigan, mahramiyat masalalariga amal qilinadigan bo‘lsa, bu ishga monelik yo‘q. Vallohu a’lam.