Ayollar sajdada tirsagi yerga tegadimi yoki biroz balandroq turadimi
Bismillahir Rohmanir Rohim. Hanafiy mazhabimizning mo‘’tabar kitoblarida erkak va ayollarning namozlari o‘rtasida farq borligi bayon qilingan. Quyida ayollarga xos bo‘lgan namozdagi holatlarni sanab o‘tamiz: “Allohu akbar” deb namozga kirish paytida ayollar qo‘llarini yelka barobari miqdoricha ko‘taradi; Qo‘l bog‘lashda ayollar ikki qo‘llarini ko‘kraklari ustiga qo‘yadilar; Ruku’ paytida qo‘l barmoqlari yoyilmaydi balki, jips holda bo‘ladi; Ikki tirsaklari bilan qimtinib, ularni biqinlariga tekkizib turadi, tizzalari biroz bukiladi, erkaklarga o‘xshab bellari bilan boshlari to‘g‘ri bo‘lmaydi, balki ruku’ desa bo‘ladigan darajada egiladilar; Sajdaga borganlarida ham qimtingan hollarida qorinlarini ikki sonlariga tegadigan qilib sajda qiladilar; O‘tirish paytida ya’ni qa’dada ayollar ikki oyoqlarini o‘ng tomonga chiqarib, chap dumbasiga o‘tiradi; Sajdada ayollar bilaklarini yerga tekkizib, qimtinib turadilar; Biror namozni ovoz chiqarib o‘qimaydi. (manba: “Muxtasarul viqoya” va “Fatovoi Hindiyya” kitoblari) Ulamolarimiz ushbu farqlarga ko‘plab rivoyatlarni dalil sifatida keltirganlar. Jumladan:
Yaziyd ibn Abu Habib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallahu alayhi vasallam namoz o‘qiyotgan ikki ayolning oldidan o‘tdilar va: “Qachon sajda qilsangiz, go‘shtning ba’zisini yerga tekkizing. Albatta, ayol kishi bunda erkakka o‘xshamas”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ali raziyallohu anhu: “Qachon ayol kishi sajda qilsa, qimtinib o‘tirsin, ikki sonini yig‘ishtirsin”, deganlar (Imom Ibn Abi Shayba rivoyat qilgan).
Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U zot shunday dedilar: “Qachon ayol kishi namozda o‘tirsa, bir sonini ikkinchi soni ustiga qo‘yadi. Qachon sajda qilsa, qornini soniga imkoni boricha qimtinib tekkizadi. Chunki, Alloh taolo unga nazar solib turadi va “Hoy, farishtalarim! Sizlarni guvoh qilamanki, uni mag‘firat qildim”, deydi”, (Ibn Adiy “Komil” kitobida va Bayhaqiy “Sunan” kitobida rivoyat qilgan). Vallohu a’lam.