ONASIGA QARAB QIZINI OL

ID: 5124

14.12.2025

242

Savol:

Assalomu alaykun savolim shundan iborat xalqimizda shunday gap bor onasiga qarab qizini ol degan bu gap dinda qanchalik togri har doim ham ona axloqsiz bolsa qiz ham shunaqa boladimi

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Avvalo shuni aytish kerakki, bu ibora oyat yoki hadis yoki diniy hukm yoki shariat qoidasi emas, balki xalq tajribasidan kelib chiqqan umumiy kuzatuvdir. Ona farzand uchun eng yaqin tarbiyachi va namuna bo'lgani sababli, aksar hollarda qizlar onasidan ko'p narsani o'rganadi. Bu ibora ana shu ma'nodan kelib chiqib aytilgan. Lekin bu gapni hamma holatga tatbiq qilish to'g'ri emas. Chunki Islom dinida har bir inson alohida shaxs hisoblanadi va o'z qilgan amali uchun o'zi javob beradi. Ayrim hollarda yaxshi ota-onadan noqobil farzandlar tug'ilishi yoki aksincha yomon kishilarning farzandi solih inson bo'lib etishishi ham mumkin. Masalan, Nuh alayhissalomning farzandi kofir bo'lgan bo'lsa, Ali roziyallohu anhuning otasi Abu Tolib kofir bo'lgan. Bu esa shuni ko'rsatadiki, insonning axloqi faqat ota-onaga bog'liq emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ayol to'rt narsa uchun nikohlanadi: moli uchun, nasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, qo'ling tuproqqa qorilgur», dedilar». Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Bu hadisdan bilinadiki: nikohda eng asosiy mezon qizning o'zi qanday inson ekanidir, faqat onasiga yoki oilasiga qarab hukm chiqarish to'g'ri emas. Ammo begona qizning iymon e'tiqodi, taqvo va dindorlik darajasini aniqlash oson ish emas. Qizning holatini bila olmagan kishi uning oilasidagilar, xususan onasiga qarab taxminiy xulosa qilishi mumkin. Xalqimizdagi mazkur maqol shu ma'noda aytilgan. Shu bilan birga, bu taxminiy xulosa xato bo'lib chiqishi ham mumkin. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar