Bismillahir Rohmanir Rohim.
Go‘shti yeyiladigan hayvonlarning yettita a’zosini yeyish makruhi tahrimiydir. Ular hadis va fiqh kitoblarida bayon qilingan. Jumladan, Alloma Ibn Obidin rahimahulloh qo‘yning a’zolari haqida bunday degan:
كُرِهَ تَحْرِيمًا وَقِيلَ تَنْزِيهًا وَالْأَوَّلُ أَوْجَهُ مِنْ الشَّاةِ سَبْعٌ الْحَيَاءُ وَالْخُصْيَةُ وَالْغُدَّةُ وَالْمَثَانَةُ وَالْمَرَارَةُ وَالدَّمُ الْمَسْفُوحُ وَالذَّكَرُ لِلْأَثَرِ الْوَارِدِ فِي كَرَاهَةِ ذَلِكَ
“Qo‘yning yetti a’zosi makruhi tahrimiydir. Makruhi tanzihiy degan gap ham bor. Ammo makruhi tahrimiy degan gap quvvatli gapdir. Ular quyidagilar:
- Urg‘ochi hayvonning jinsiy a’zosi;
- Hayvonning moyagi;
- Bezlari;
- Siydik qopi;
- O‘t pufagi;
- Bo‘g‘izdan otilib chiqqan qon;
- Erkak hayvonning jinsiy a’zosi.
Chunki bu borada hadislar kelgan”. (“Raddul muhtor” kitobi).
Bu go‘shti yeyiladigan boshqa hayvonlarga ham tegishlidir. Shuning uchun ham kallasini pishirish jarayonida ba’zan tishining bir qismlari qolib ketsa, u bilan birga pishirilgan go‘shtni bemalol yeyilgan.
Harom qilingan mazkur a’zolar ichida tishlari sanalmagan. Ularni yeyish nojoiz ekaniga dalil ham yo‘q. Bundan tashqari, aslida tishlar halol bo‘lgan jag‘ suyaklaridan o‘sib chiqadi va shu suyak bilan birlashib ketgan bo‘ladi. Demak, tishlarni halol demaslik bir suyakning bir qismini halol, boshqasini halol emas deyishlikka ham olib keladi. Shunday ekan, shar’iy yo‘l bilan so‘yilgan go‘shti halol hayvonlarning tishlarini iste’mol qilish insonga zarar qilmasa, ularni bemalol tanovul qilish mumkin bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.