YUSUF ALAYHISALOM BOSHQA PAYG‘AMBARLARDAN YETMISH YIL KEYIN JANNATGA KIRADIMI?

ID: 673

04.04.2025

34

Savol:

Men bir joyda Yusuf alayhisalom otalari Yoqub alayhisalomga xatolik bilan odobsizlik qilganlari uchun boshqa payg‘ambarlardan 70 yil keyin jannatga kirishlari haqida o‘qigandim. Shu ma’lumot to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Payg‘ambarlar — insoniyatning ichida tanlangan, Alloh taologa eng suyukli bandalardir. Ularga berilgan payg‘ambarlik martabasi hech qachon qaytarib olinmaydi. Ular katta-kichik gunohlardan, har qanday odobsizlik va axloqsizliklardan pokdirlar. Payg‘ambarlikdan yuqori daraja bo‘lmaydi. Hatto, Payg‘ambarlar Farishtalarning ulug‘laridan ham martabalari yuksak bo‘ladilar.

Shuncha fazilatga ega bo‘lgan payg‘ambarlardan biri Yusuf alayhissalomning jannatga kirishlarini yetmish yil kechikishi haqidagi gap Qur’oni karim va hadisi shariflarning mazmuniga ziddir. Chunki Alloh taolo Yusuf alayhissalomni ulug‘ payg‘ambarlar qatorida maqtab zikr qilgan:

وَوَهَبْنَا لَهُ إِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ كُلًّا هَدَيْنَا وَنُوحًا هَدَيْنَا مِنْ قَبْلُ وَمِنْ ذُرِّيَّتِهِ دَاوُودَ وَسُلَيْمَانَ وَأَيُّوبَ وَيُوسُفَ وَمُوسَى وَهَارُونَ وَكَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنِينَ

“Unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya’qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo‘lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga yo‘llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham yo‘lladik). Chiroyli ish qiluvchilarni mana shunday taqdirlaymiz” (An’om surasi 84-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ مَنْ أَكْرَمُ النَّاسِ قَالَ‏:‏ أَتْقَاهُمْ فَقَالُوا‏:‏ لَيْسَ عَنْ هذَا نَسْأَلُكَ قَالَ‏:‏ فَيُوسُفُ نَبِيُّ اللهِ ابْنُ نَبِيِّ اللهِ ابْنِ نَبِيِّ اللهِ ابْنِ خَلِيلِ اللهِ (أخرجه البخاري)

“Payg‘ambarimiz alayhissalomdan eng hurmatli kishi haqida so‘raldi. U Zot: “Allohdan eng ko‘p qo‘rqadigani”, dedilar. Odamlar: “Biz bu haqida so‘ramagan edik”, deyishganida: “Eng hurmatli kishi – Allohning payg‘ambari Yusufdir. U – payg‘ambarning o‘g‘li, payg‘ambarning nabirasi, payg‘ambarning Xolilulloh (Ibrohim alayhissalom)ning evarasidir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ya’ni, Yusuf alayhissalomning otalari, bobolari va bobolarining otasi va o‘zlari payg‘ambar bo‘lgan. Bunday silsila har kimda ham bo‘lmaydi. Bu Alloh taoloning fazlidir.

Xulosa shuki, sizning Yusuf alayhissalom haqlarida o‘qigan ma’lumotingiz asossizdir. Yusuf alayhissalom otalari Ya’qub alayhissalomning eng odobli va axloqli farzandlari bo‘lganlar. Sizga tavsiyamiz shuki, dinimizni ishonchli manbalardan o‘rganishga harakat qiling. Imkon qadar o‘qiyotgan kitobingizning muallifi kim ekani, taqdim etayotgan ma’lumotlari ishonchliligi qay darajada ekanini ilmli kishilardan so‘rab-surishtiring. Ishonchli, ilm-ma’rifati bilan tanilgan, omonatli ustozlarning kitoblarini o‘qing. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar