Erim Telegram orqali «Bir taloqsiz», deb yozdi. Ushbu vaziyatda taloq tushgan hisoblanadimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Er ayoliga "bir taloqsan”, degan bo'lsa, bir taloq raj'iy tushadi. Raj'iy taloqda nikoh rishtalari toki idda tugamaguncha uzilmaydi. Eri idda ichida xotiniga, qayta nikoh o'qitmasdan ham, "qaytishi" mumkin (agarchi xotin rozi bo'lmasa ham). "Qaytish" degani "senga qaytdim" deyish bilan yoki jinsiy aloqa, yo shahvat bilan ushlash kabi ishlar bilan bo'ladi.
Agar "bir taloq qildim", degandan keyin idda muddati o'tib ketsa, raj'iy taloq boin taloqqa aylanib, xotinni nikohsiz qaytib ololmaydi. Raj'iy taloqlarning soni uchtaga etishi bilan er-xotin butunlay ajrashadi. Toki xotin boshqa erga tegib, to'laqonli jinsiy hayotni yashab, undan talog'ini olmaguncha, avvalgi eriga halol (nikohlab) bo'lmaydi. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda: "Taloq ikki martadir" — deb ogohlantirgan (Baqara surasi 229-oyat). Uchinchisi er-xotinni butunlay ajrashishiga sabab bo'ladi ("Fathu bobil inoya" va "al-Muxtasar fil fiqhil hanafiy" nomli kitoblar). Vallohu a'lam.