Masjidda yosh bolalar kattalar orasida turib namoz o‘qishi mumkinmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Balog‘atga yetmagan yosh bolani arab tilida “sabiy” deyiladi. Yosh bolaning safda qanday turishlari haqida esa, shunday zikr qilingan:
وَيَصُفُّ الرِّجَالَ ثُمَّ الصِّبْيَانَ ثُمَّ النِّسَاءُ لِقَوْلِهِ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ { لِيَلِيَنِّي مِنْكُمْ أُولُو الْأَحْلَامِ وَالنُّهَى }
Ya’ni: “Namozda avval balog‘atga yetgan erkaklar, so‘ng balog‘atga yetmagan yosh bolalar, so‘ng ayollar safga turadilar. Chunki payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Menga namozda orangizdan balog‘atga yetgan va oqillar yaqin tursin”, deganlar. (“Bahrur-roiq” kitobi).
So‘ng musannif rahimahulloh davom etib aytadilar:
فَإِنَّهُ قَالَ فَصَفَفْت أَنَا وَالْيَتِيمُ وَرَاءَهُ وَالْعَجُوزُ مِنْ وَرَائِنَا وَيَقْتَضِي أَيْضًا أَنَّ الصَّبِيَّ الْوَاحِدَ لَا يَكُونُ مُنْفَرِدًا عَنْ صَفِّ الرِّجَالِ بَلْ يَدْخُلُ فِي صَفِّهِمْ وَأَنَّ مَحَلَّ هَذَا التَّرْتِيبِ إنَّمَا هُوَ عِنْدَ حُضُورِ جَمْعٍ مِنْ الرِّجَالِ وَجَمْعٍ مِنْ الصِّبْيَانِ فَحِينَئِذٍ تُؤَخَّرُ الصِّبْيَانُ بِخِلَافِ الْمَرْأَةِ الْوَاحِدَةِ فَإِنَّهَا تَتَأَخَّرُ عَنْ الصُّفُوفِ كَجَمَاعَتِهِنَّ
Ya’ni: “Anas ibn Molik dedilar: Men va yetim bola payg‘ambarimizni orqalarida hamda kampir ayol esa, bizning ortimizda saf olgan holda turdik. Bu yana shuni taqozo qiladiki, agar yosh bola bitta bo‘lsa, erkaklarni safidan ajratib o‘zini yolg‘iz qo‘yilmaydi. Balki, kattalarni safiga kirib turadi. Yuqoridagi tartibning o‘rni balog‘atga yetgan erkaklar va yosh bolalardan iborat jamoat hozir bo‘lganidadir. Ya’ni o‘sha vaqtda yosh bolalarni kattalarning safidan orqaga o‘tkaziladi. Ammo, ayol kishi bir o‘zi bo‘lsa ham, xuddi ayollar ko‘pchilik bo‘lganidagi kabi erkaklarning orqasiga turadi”. (“Bahrur-roiq”).
Mazkur matnda mashhur bir hadisga ishora qilinmoqda. Ya’ni Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u zotning momolari Mulayka ismli kampir Payg‘ambarimizni mehmonga taklif qiladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu taklifni qabul qiladilar va Anas ibn Molik va Zumayra ismli bir yetim bola bilan birga boradilar. Ular taomlanib bo‘lishgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga namoz o‘qib bermoqchi bo‘ladilar. Shunda Anas va yetim bola u zotning ortlarida, hamda kampir ayol esa, ularning ortida turib iqtido qilishadi va saf olishadi. (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisdan kelib chiqib, fuqaholarimiz balog‘atga yetmagan yosh bola bitta bo‘lsa, kattalar bilan bir safda turishi joizligi va bu ish makruh sanalmasligi, hamda uning bir o‘zini yolg‘iz orqa safga turgazmaslikni bayon qilganlar. Bundan tashqari “At-Tahriyrul-muxtor” kitobida shunday deyilgan:
قال الرحمتي: ربما يتعين في زماننا إدخال الصبيان في صفوف الرجال، لأنّ المعهود منهم إذا اجتمع صبيّان فأكثر تبطل صلاة بعضهم ببعض و ربما تعدّى ضررهم إلى إفساد صلاة الرجال،.
ya’ni: “Rahmatiy dedilar: “Ko‘pincha zamonamizda yosh bolalarni katta erkaklar safiga kirgizish ta’yin topadi (kerak bo‘ladi). Chunki, odatda ikki va undan ortiq yosh bolalar bir joyda tursa, bir-birini namozini buzadi va ko‘p holatlarda ularning ziyoni atrofidagi kishilarning ham namozini buzilishiga olib keladi”. (“At-Tahriyrul-muxtor li raddil-muxtor”).
Shunga ko‘ra, saf tuzishda asl holat yosh bolalarning orqa safda turishlari hisoblanadi. Agar ular alohida bir safda turganlarida namozni buzmaydigan va boshqalarga tashvish keltirmaydigan bo‘lsalar orqada alohida safda turishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar unday bo‘lmasa ularning kattalar orasida turishi joizdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.