"Yomg‘ir yog‘ayotgandagi duo shubhasiz qabul" ma’nosida hadis bormi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, shu ma’noda hadislar bor.
Yomg‘ir – Alloh taoloning fazili, rahmati va barakoti sanaladi. U yog‘ayotgan paytda Alloh taoloning fayzu futuhidan umid qilinadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda yomg‘ir suvini – muborak suv deb nomlagan:
وَنَزَّلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً مُبَارَكًا فَأَنْبَتْنَا بِهِ جَنَّاتٍ وَحَبَّ الْحَصِيدِ
“Biz osmondan muborak suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik” (Qof surasi, 9-oyat).
Shuning uchun ham Rasuli Akram alayhissalom yomg‘ir yog‘gan paytida duo qilishga targ‘ib qilganlar.
سهل بن سعد مرفوعًا إلى النبي صلى الله عليه وسلم: «ثنتان ما تردان: الدعاء عند النداء وتحت المطر» رواه أبو داود
Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki narsa qaytarilmaydi: azon paytidagi va yomg‘ir ostidagi duo” deganlar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Shu bilan birga Payg‘ambarimiz alayhissalom yomg‘ir yog‘ganda:
اللَّهُمَّ صَيِّباً نَافِعاً
ya’ni, “Parvardigoro, foydali yomg‘ir qil!” deb duo qilishlari muborak odatlari bo‘lgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.