Assalomu alaykum. Peshin va asr namozlarining 4 rakat farzini yolg‘iz o‘qiyotgan kishi "Allohu akbar", "sami’allohu liman hamidah", "Assalomu alaykum va rohmatulloh" kabi takbirlarni maxfiy aytishi kerakmi?
Va alaykum assalom. Yolg‘iz namoz o‘quvchi kishi takbirlar, tasmi’ ("Sami’allohu liman hamidah" lafzi) va salomni o‘zi eshitadigan darajada, ya’ni maxfiy aytishi kerak. Bularni oshkora aytish faqatgina jamoatga eshittirish zarurati bo‘lgan imomga xosdir.
"Durrul muxtor" kitobida bu haqda shunday deyilgan:
(وَجَهْرُ الْإِمَامِ بِالتَّكْبِيرِ) بِقَدْرِ حَاجَتِهِ لِلْإِعْلَامِ بِالدُّخُولِ وَالِانْتِقَالِ. وَكَذَا بِالتَّسْمِيعِ وَالسَّلَامِ. وَأَمَّا الْمُؤْتَمُّ وَالْمُنْفَرِدُ فَيُسْمِعُ نَفْسَهُ
"(Imomning) namozga kirishi va (bir rukndan ikkinchisiga) o‘tishini bildirish uchun ehtiyojiga qarab takbirni oshkora aytishi (sunnatdir). Tasmi’ va salomda ham shunday. Ammo iqtido qiluvchi va yolg‘iz o‘quvchi esa, (faqat) o‘ziga eshittiradi". Vallohu a’lam.