Assalomu alaykum. Men ikkinchi turmush o‘rtog‘im bilan yashayman. Ammo bu turmushimdan otam norozi. Erim bilan ham yaxshi, baxtli emasmiz. Har oy uy sabab bo‘lib, ota uyimga qaytib boraman. Yana bir oy ota uyimda o‘tirsam, erim ijaraga uy topib, olib chiqib ketadi. Ammo otam "buning oxiri yo‘q, ko‘zingni och" deb yashashimga rozi bo‘lmaydi. Men baribir erim bilan ketaman. Mana, yana ijara to‘lay olmay, men ota uyimga ketish arafasidaman. Hayotim tinchimayapti. Chiroyli ajrashsam, taloq so‘rasam bo‘ladimi? Chunki bu erga tegishimda boshidan dadam rozi bo‘lmagan edi. Men nima qilishni bilmayapman. Erimni boshqa oilasi bor. 2-savol. Er agar "bu ishni qilsang, taloqsan" degan. Va bu ishni qilsa, taloq tushadi. Idda saqlash paytida er-xotin qaytadan yashab ketsa, jinsiy aloqa qilsa, nikoh qaytariladimi? Taloq ko‘tariladimi? Bizga taloq tushgan, idda saqlashni boshlaganimda erim "yashaymiz" deb olib chiqib ketgan. Bir oydan beri er-xotin bo‘lib yashayapmiz. Bu to‘g‘rimi yoki bizga taloq tushib bo‘lganmi? Bizdagi holat zinomi? Agar shunday bo‘lsa, men nima qilishim kerak?
Va alaykum assalom. Darhaqiqat, er ayolni boshpana va nafaqa bilan ta’minlashi shart. Ammo eringiz bunga harakat qilayotgan bo‘lsa, oilani saqlab qolish uchun sabr qilib, unga yana imkon berganingiz ma’qul. Ikkinchi savolingiz bo‘yicha, eringiz aytgan shart yuzaga kelganda, agar bu birinchi yoki ikkinchi taloq bo‘lsa, bir raj’iy taloq tushadi. Raj’iy taloqda idda muddati tugamasidan er xotiniga "senga qaytdim" deyishi, u bilan yolg‘iz qolishi yoki jinsiy yaqinlik qilishi orqali nikoh o‘z-o‘zidan tiklanadi. Sizlar idda ichida yana birga yashashni boshlaganingiz raj’at hisoblanadi. Ya’ni, nikohingiz tiklanib qolgan. Shunday ekan, bu holat zino emas. Endilikda eringiz taloq masalasida o‘ta ehtiyot bo‘lishi va sizni boshpana bilan ta’minlashga jiddiyroq kirishishi lozim. Vallohu a’lam.