Ukam vafot etdi, undan voyaga yetmagan bir o‘g‘il va bir qiz qoldi. Ularga onasidan tashqari kimlar haqliroq va kimlar mas’ul? Javob uchun avvaldan rahmat.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Birinchi navbatda dafn hamda ungacha bo‘lgan xarajatlar va qarzlardan ortgan marhumning barcha mol-mulkini merosxo‘rlarga shariat ko‘rsatmasiga binoan bo‘lib berish kerak.
Yetimlarga onasidan tashqari, tarbiya jihatidan moma (buvi)lari, ta’minot jihatidan otasining erkak qarindoshlari (asaba); bobo, amaki va amakining o‘g‘illari mas’ul.
Yuqoridagi savolda merosga marhumning xotini, o‘g‘il-qizi va marhumning (agar hayot bo‘lishsa) ota-onasidan boshqa hech kimning haqqi yo‘q! Lekin shunday holatlarda ham, yetimlar ojiz toifa bo‘lganidan, ularga otasidan qolgan merosni bermasdan, o‘zlari bo‘lib oladigan, onasi bilan qo‘shib yetimlarni ko‘chaga haydaydigan amaki, amma, tog‘a va xola kabi qarindoshlar goh-gohida ko‘zga tashlanib turadi. Bunday qilish yetimni haqqini yeyish va katta gunohdir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا (النساء 10)
ya’ni: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso surasi, 10-oyat).
Aslida, ota vafotidan avval yetimlarga vasiy tayinlagan bo‘lsa (u qarindosh ham, begona ham bo‘lishi mumkin), o‘sha kishi, vasiy bo‘lmasa bobo merosni haqdorlarga shariatimizga muvofiq bo‘lib beradi va yetimlarni ularning o‘ziga tekkan ulush hisobidan parvarishlab turadi. Agar bobo bo‘lmasa, amaki yoki ona ham vasiylik qila oladi. Vasiy yoki yuqorida sanalgan qarindoshlar yetimlarning molini asrab, balog‘atga yetgach ularga topshiradilar. Bu ishni adolat bilan bajarsalar ulkan savob, agar yetimni moliga xiyonat qilsalar, nohaq ishlatsalar qattiq gunohkor bo‘ladilar.
Qiz bolalar hayz ko‘radigan bo‘lgunicha, o‘g‘il bola o‘zi yeb-ichib, kiyinib, istinjo qila oladigan bo‘lgunicha ularni onadan (ona bo‘lmasa, onaning onasidan) ajratilmaydi. Yetimlarga tegishli uyda bo‘lsa ham ona ular bilan yashaydi. Marhumning xotini boshqa turmush qursa yoki bolalar yuqorida aytilgan holatga yetishsa, bolalarni ota tomondan mahram qarindoshlari olishi mumkin (“Hidoya” kitobi).
Yuqoridagi so‘zlar otasidan mol qolgan yetimlar haqida ketdi. Umuman meros qolmagan yetimlarga esa ota tomondan boy bo‘lgan qarindoshlar (masalan, bobo, amaki, amakining o‘g‘illari) nafaqa berishi vojib bo‘ladi. Bulardan boshqalar ham yetimlarga yaxshilik qilsalar, ulug‘ savoblarga yetadilar. Ba’zi olimlar “Ma’un” surasi yetimlarga bag‘ishlangan, bu “Yetim” surasidir, deganlar. Yetimlarni qaramog‘iga olganlarning darajasi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
" أنا وكافل اليتيم له ولغيره في الجنة هكذا " وأشار بالسبابة والوسطى وفرج بينهما شيئا .(رواه البخاري عن سهل بن سعد رضي الله عنه)
ya’ni: “Men va yetimning kafili (xoh qarindoshi bo‘lsin, xoh begona bo‘lsin) jannatda mana shundaymiz” Ko‘rsatgich va o‘rta barmoqlarini orasini ozgina ochib ishora qildilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Bu hadisi sharifda xoh o‘zining molidan, xoh (shar’an haqli bo‘lsa) yetimning molidan bo‘lsin xarajat qilib, ularni yedirib-ichirgan, kiyintirgan, ta’lim-tarbiya bergan kafil haqida so‘z ketmoqda (“Sharhi Navaviy ala Muslim” kitobi). Etimni kafolatga olish uni o‘z oilasiga qo‘shib yoki yetimni qarindoshlari orasida qoldirib ham moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish bilan yuzaga chiqadi. Xulosa shuki, biz musulmonlar yetimlar haqidagi dinimiz ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilishga o‘tsak, dunyo bo‘yicha katta muammo hisoblangan yetimlar masalasi chiroyli yechimini topadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.