YANGI TUG'ILGAN CHAQALOQ UCHUN FITR SADAQASI

ID: 9260

13.03.2026

48

Savol:

Assalomu alaykum. Fitr sadaqasi haqida savolimiz bor edi: yangi tug'ilgan chaqaloq uchun ham fitr to'lanadimi? Agar to'lansa, chaqaloq o'zi mol topguniga qadar ota-onasi to'lashi kerakmi?

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatulloh. Javobimiz kechikkani uchun uzr so'raymiz. Ha, yangi tug'ilgan chaqaloq uchun ham fitr sadaqasi beriladi. Yosh bola uchun fitr sadaqani otasi to'laydi.

Fitr sadaqasi – faqirlarga g'amxo'rlik, ularga hayit kunini xursandchilik bilan o'tkazishlari uchun ko'makdir. Uni berganlar uchun esa – Ramazonda yo'l qo'yilgan ba'zi kamchiliklarga kafforatdir. Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini ro'zadorga behuda ishlar va yomon so'zlardan poklanish bo'lishi hamda miskinlar uchun yegulik bo'lishi uchun buyurdilar” (Abu Dovud rivoyatlari).

Fitr sadaqasi nisob miqdoridagi mol-mulkka ega hur va musulmon bo'lgan kishilar hayit tongida ado etishlari vojibdir. Ana shu miqdordagi mulkka ega kishi fitr sadaqasini o'zi va yosh bolalaridan berishi vojib. Balog'atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog'atga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo'ladi.

Fitr sadaqasining vojib bo'lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kuni tong otguncha tug'ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo'ladi. Homila, shuningdek hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo'lmaydi.

Ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini odamlar namozga chiqmasdan oldin berishni buyurdilar”.

Ammo bu vaqtdan oldin, masalan, Ramazon kirishi bilan bersa ham bo'ladi. Lekin namozga chiqishdan oldin berish mustahabdir. Fitr sadaqasi vojib bo'lib, uni berolmay qolgan kishi zimmasidan soqit bo'lmaydi. Agar chaqalog'ingiz uchun fitr sadaqa bermagan bo'lsangiz, uni hozir ham berishingiz mumkin. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar