QUR'ONGA BELGI QO'YISH VA NAMOZ MASALALARI

ID: 6506

24.01.2026

135

Savol:

Assalom alaykum. 1) Qur'on yod olish jarayonida imloviy va boshqa xatolarni eslab qolish uchun Qur'oni Karimga qalam bilan belgi qo'yib yozish mumkinmi? 2) Masjidda jamoat namozida farz o'qilganidan so'ng, odamlar sunnat namozini o'qish uchun joylarini o'zgartirib, har xil joylarda o'qishadi. Shunday qilish kerakmi? 3) Xufton namozining sunnatini o'qib bo'lgandan keyin, vitr namozini boshlash uchun imom o'rnidan turmaguncha kutib turishadi. Imom boshlamaguncha kutib turishimiz lozimmi? 4) Abduaziz va Abdulvosit ismlarini Abdulaziz va Abdulbositga o'zgartirish kerakmi? Iltimos, shu to'rtinchi savolimga batafsilroq javob bersangiz. Alloh rozi bo'lsin.

Javob:

Vaalaykum assalom. 1) Aslida Mushafni ortiqcha yozuv va belgilardan xoli saqlash vojibdir. Lekin yodlash jarayonida ehtiyoj tug'ilsa, faqat shaxsiy mushafga keyinchalik o'chirsa bo'ladigan qalam bilan belgi qo'yishga ulamolar ruxsat berishgan. Ammo masjiddagi vaqf qilingan mushaflarga hech qanday belgi qo'yish mumkin emas.

  1. Joyni o'zgartirish shartmas. Bu mustahab amal. Farz namozni o'qib bo'lgandan keyin namozxon farz namozini o'qigan joyidan o'ng, chap, old yoki orqa tarafga o'tib qolgan namozlarni o'qish mustahab amal ekanligi "Raddul muhtor" kabi kitoblarimizda keltirib o'tilgan.

  2. Yo'q, kutib turish lozim emas. Xufton namozining sunnatini o'qib bo'lgach, vitr namozini o'qib ketishingiz mumkin, faqat Ramazon oyida vitr jamoat bilan o'qilganda imomga ergashiladi.

  3. Arab tili qoidalariga ko'ra, Alloh taoloning ismlari oldiga "Abd" (qul) so'zi qo'shilganda, "Abdul" shaklida bo'lishi shart. "Abduaziz" yoki "Abduvosit" shaklida yozish til jihatdan xato hisoblanadi. Shuning uchun imkoni bo'lsa, hujjatlarda ismni Abdulaziz va Abdulbosit shakliga to'g'irlash maqsadga muvofiqdir. Agar hujjat almashtirish katta mashaqqat tug'dirsa, hech bo'lmaganda chaqirganda "l" harfini qo'shib, to'g'ri talaffuz qilish kerak. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar