Haj ibodatini ado etib, ayni paytda Makkada bo‘lib turibmiz. Bu yerdan ketish vaqtimizga hali bir necha kun bor. Shunga vidolashuv tavofini ado etganimiz yo‘q. Guruhimizdagi hojilardan birlari: “Vidolashuv tavofini Zulhijja oyida qilib olishimiz kerak, aks holda qo‘y so‘yish vojib bo‘lib qoladi” dedilar. Haqiqatda shundaymi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Vidolashuv tavofi hajning vojiblaridan biri bo‘lib, uni aynan Zulhijja oyida qilish shart qilinmagan. Balki Ifoza tavofini aksarini ado etgandan keyin ado etish mumkin. Imkon qadar hoji Makkai mukarramadan chiqib ketish oldidan ado etgani mustahab sanaladi.
Vidolashuv tavofining oxirgi vaqti belgilanmagan bo‘lib, hoji Makkai mukarramada yillar davomida yashab qolgandan keyin u yerdan chiqib ketish oldidan ado etsa ham ado bo‘laveradi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:
ولا اخر له ما دام مقيما فلو أتى به ولو بعد سنة يكون أداء لا قضاء
“Hoji modomiki Makkada istiqomat qilib turar ekan vidolashuv tavofining oxirgi vaqti yo‘qdir. Agar uni bir yildan keyin bajarsa ham ado bo‘laveradi, qazo bo‘lmaydi” (“G‘unyatun nosik” kitobi, 305-bet).
Demak, hojilarimiz vidolashuv tavofini Makkadalik paytlarida Zulhijja oyidan keyin ham ado etishlari mumkin. Buning uchun ular biror jinoyat qilgan sanalmaydilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.