Sovuq kunlarda sovuq suvda tahorat qilish o‘rniga tayammum qilsa bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Sovuq kunlarda sovuq suvda tahorat qilish o‘rniga issiq suvda tahorat qilish kerak. Hozirgi zamonda suvni isitish katta muammo emas. Bu borada xulosa so‘z sovuq sababli tahoratsiz kishi tayammum qilishi joiz bo‘lmaydi.
Bu haqida “Al-Fatovo hindiya” kitobida shunday deyilgan:
وَإِذَا خَافَ الْمُحْدِثُ إنْ تَوَضَّأَ أَنْ يَقْتُلَهُ الْبَرْدُ أَوْ يُمْرِضَهُ يَتَيَمَّمُ. هَكَذَا فِي الْكَافِي وَاخْتَارَهُ فِي الْأَسْرَارِ لَكِنَّ الْأَصَحَّ عَدَمُ جَوَازِهِ إجْمَاعًا كَذَا فِي النَّهْرِ الْفَائِقِ وَالصَّحِيحُ أَنَّهُ لَا يُبَاحُ لَهُ التَّيَمُّمُ.كَذَا فِي الْخُلَاصَةِ وَفَتَاوَى قَاضِي خَانْ
ya’ni: “Tahoratsiz kishi tahorat qilsa, sovuqdan o‘lishi yoki kasal bo‘lishidan qo‘rqsa, tayammum qiladi, “Al-Kofiy” kitobida shunday kelgan. “Al-Asror” kitobida ham shuni ixtiyor qilingan. Lekin asah (to‘g‘risi) sovuq sababli tahorat o‘rniga tayammum qilish joiz emasligidir. Bunga ulamolarimiz ijmo’ qilishgan, “An-Nahrul-foiq” kitobida shunday kelgan. Sahih qavl shuki, tahoratsiz kishiga sovuq sababli tayammum muboh (durust) bo‘lmaydi, “Al-Xulosa” va “Fatovo Qozixon” nomli kitoblarda shunday deyilgan” (“Tahorat” kitobi, “Tayammum” bobi).
Lekin junub kishining sovuq kunda g‘usl o‘rniga tayammum qilishi masalasi biroz o‘zgacha. Alouddin Kosoniy rahimahullohning “Badoi’us sanoye’” kitobida shunday deyiladi:
أجنب في ليلة باردة يخاف على نفسه الهلاك لو اغتسل ولم يقدر على تسخين الماء ولا على اجرة الحمام في المصر اجزأه التيمم في قول أبى حنيفة وقال أبو يوسف ومحمد ان كان في المصر لا يجزئه
ya’ni: “Kishi sovuq kechada junub bo‘lib, g‘usl qilsa halokatiga sabab bo‘lishidan xavf qilsa va suvni isitish imkoni bo‘lmasa, shuningdek, shahar hammomining to‘loviga ham qodir bo‘lmasa, Imom Abu Hanifa rohimahullohning qavliga binoan mazkur kishi tayammum qilishi joiz bo‘ladi. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar esa: agar shahar hududida bo‘lsa, tayammum qilishi joiz bo‘lmaydi deganlar...”
Sovuq kunda junub kishi tayammum qilish joiz bo‘lishi uchun sovuqlik darajasi yuqori bo‘lib, inson hayotiga yoki salomatligiga xavf tug‘diradigan darajada bo‘lishi va issiq suv topish imkoni bo‘lmasligi lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.