Hozirgi kunda Haram hududida issiq 50 darajagacha yetmoqda. Boshga issiq o‘tmasligi uchun ehromdagi kishi boshga o‘rnatib olinadigan soyabonlardan foydalanishi joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, haj o‘ziga xos umr safaridir. U buyuk ishlarni qasd qilishdir va unga beriladigan mukofot ham juda kattadir. Shunga munosib tarzda uni ado qilish o‘ziga yarasha mashaqqat kasb etadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam "U nafaqang yoki mashaqqating miqdoriga qarabdir ya’ni qilgan umrang ajri unda chekkan mashaqqatingga qarab ziyoda bo‘ladi," deganlar. Lekin dinimiz asoslaridan biri yengillik bo‘lgani uchun soyalanish borasida ham ba’zi yengilliklar bor. Masalan, ehromdagi shaxs bino, daraxt yoki oddiy qo‘lda tutiladigan soyabon (zontik) ostida soyalanishi mumkin. Biroq yuqorida aytilgan sifatdagi bosh kiyimni kiyish joiz emas. Chunki bu kabi boshga o‘rnatib olinadigan soyabonlar ba’zi xalqlar tomonidan bosh kiyim sifatida kiyiladi.
لو حمل المحرم على رأسه شيئا يلبسه الناس يكون لابسا، وإن كان لا يلبسه الناس كالإجانة ونحوها فلا (رد المحتار،کتاب الحج، فصل فی الاحرام، جلد2، صفحہ488، دار الفکر، بیروت)
“Agar ehromdagi shaxs boshiga odamlar kiyadigan narsani qo‘yib olsa uni kiygan hisoblanadi. Agar odamlar kiymaydigan, masalan tog‘orani qo‘yib olsa kiygan hisoblanmaydi" (Raddul muhtor).
Boshqa ko‘plab kitoblarimizda ham ushbu ma’noni ifoda qiluvchi iboralar keladi. Binobarin boshiga o‘rnatib olinadigan soyabonni kiyish joiz emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.