Assalomu alekum va rahmatulloh! Men hozirda Amerikada yashayman va juma namozi uchun masjidga boraman. Bizda juma namozi 4 rakat sunnat, 2 rakat farz, 4 rakat sunnat o’qiladi. Ammo Amerikada masjidda har xil mazhabli musulmonlar keladi va imom ham hanafiy mazhabida emas. Ular faqat 2 rakat farz o’qishadi va shu bilan juma namoziga yakun yasaydilar. Men har doim imom xutba qilayotganda 4 rakat sunnatni o’qib olaman va 2 rakat farzni imomga ergashib o’qib keyin yana 4 rakat sunnatni o’qiyman. Mendan boshqa o’zbeklar ham shunday qilishadi. Imom xutba qilyotganda jumani sunnatini o’qishimiz to’g’rimi? Xutbadan oldinroq kelib o’qiy desam peshin/juma vaqti imom xutba qilyotganda kiradi-da. Bunaqa vaziyatga nima qanday yo’l tutish kerak? Javob uchun rahmat. Alloh rozi bo’lsin!
Imomning jum’a xutbasiga chiqishi bilan har qanday namoz o‘qish, gapirish va boshqa amallar bilan mashg‘ul bo‘lish makruhi tahrimiy, ya’ni haromga yaqin makruh sanaladi. Buning asosiy sababi – xutbani eshitish vojib amal bo‘lib, namoz o‘qish bu vojibni tark qilishga olib keladi. Sizning holatingizda, masjidga kelganingizda imom xutbani boshlab yuborgan bo‘lsa, darhol o‘tirib, xutbaga quloq tutishingiz shart. Jum’adan oldingi to‘rt rakat sunnatni o‘qishga ulgurmaganingiz uchun aslo gunohkor yoki sunnatni tark qiluvchi hisoblanmaysiz, chunki uzrli holat yuzaga kelgan.
Bunday vaziyatda jum’a namozining tartibi quyidagicha bo‘ladi: avval imomga iqtido qilib ikki rakat farzni o‘qiysiz. Farzdan so‘ng to‘rt rakat jum’aning keyingi sunnatini ado etasiz. Mana shundan keyin, xutba sababli o‘qiy olmay qolgan jum’adan oldingi to‘rt rakat sunnatning qazosini o‘qib olasiz. Bu tartibga rioya qilish bilan siz ham xutbani eshitish vojibini bajargan, hamda jum’aning sunnatlarini o‘rniga qo‘ygan bo‘lasiz.