XUSHU

ID: 2768

24.09.2025

107

Savol:

Zikr qilganimda ma'nosiga tushunib, xushu bilan qilolmayman.Tilimga og'ir keladigandek tuyuladi. Gunohlar sababli bo'lsa kerak deb istig'for (Astag'firulloh) aytaman. Lekin istig'forda ham xushu bo'lmagani uchun aytmay qo'yaman. Xuddi zikr, istig'for aytganimda foydasi bo'lmayotdek, nimadir xatodek tuyuladi. Nima qilsam bo'ladi?

Javob:

Zikr va istig‘foringizda xushu’ bo‘lmasa-da, ularni hargiz tark etmang, chunki shayton aynan shuni istaydi. Tilning o‘zi bilan aytilgan zikr ham foydadan xoli emas va bu Allohni unutmaslikning belgisidir. Qalbdagi xushu’ esa vaqt o‘tishi bilan, gunohlardan tiyilib, ibodatda bardavom bo‘lish orqali asta-sekin hosil bo‘ladi. Bu zikrlaringiz va itsig‘forlaringiz qabul bo‘lishidan umid qilib, davom etavering.

Albatta, bu holatda zikr va istig‘forni aslo to‘xtatmaslik kerak. Zero, sizdagi "foydasi bo‘lmayapti" degan vasvasa shaytonning sizni ezgu amaldan to‘sish uchun qilgan hiylasidir. Zikr qilishdan maqsad Allohni yod etishdir. Qalb hozir bo‘lmasa-da, til bilan qilingan zikr mutlaq g‘aflatdan yaxshiroqdir. Xushu’ va qalb hozirligi esa vaqt o‘tishi bilan, gunohlardan tiyilish va ibodatda bardavom bo‘lish orqali asta-sekin hosil bo‘ladi.

Bu borada Hofiz Ibn Hajar "Fathul Boriy"da aytadilar:

قال الحافظ في الفتح: ولا يشترط استحضاره لمعناه، ولكن يشترط ألا يقصد به غير معناه وإن انضاف للنطق الذكر بالقلب فهو أكمل.

"(Zikr qiluvchi uchun uning) ma’nosini hozirlab turishi shart emas, lekin u bilan o‘zga ma’noni qasd qilmasligi shartdir. Agar til bilan aytishga qalbdagi zikr ham qo‘shilsa, bu mukammalroq bo‘ladi".

Ya’ni, zikrning ma’nosiga to‘liq kirisha olmasangiz ham, tilda aytishning o‘zi kifoya. Muhimi, zikrdan boshqa narsani niyat qilmaslikdir.

Imom G‘azzoliy "Ihyou ulumid-din"da aytadilar:

وقال الغزالي ـ رحمه الله ـ في الإحياء: الاستغفار باللسان أيضاً حسنة، إذ حركة اللسان بها عن غفلة خير من حركة اللسان في تلك الساعة بغيبة مسلم أو فضول كلام، بل هو خير من السكوت عنه، فيظهر فضله بالإضافة إلى السكوت عنه، وإنما يكون نقصاناً بالإضافة إلى عمل القلب.

"Til bilan istig‘for aytishning o‘zi ham yaxshilikdir. Zero, g‘aflat bilan bo‘lsa-da, tilning istig‘for bilan harakatlanishi, o‘sha vaqtda biror musulmonni g‘iybat qilishdan yoki behuda so‘zlardan yaxshiroqdir. Balki, sukut saqlashdan ham yaxshiroqdir. Demak, uning fazli sukutga nisbatan zohir bo‘ladi. U faqatgina qalb amaliga nisbatan nuqsonli sanaladi, xolos".

Shunday ekan, amallaringiz qabul bo‘lishidan umid qilib, kamchilik bilan bo‘lsa-da, zikr va istig‘forda bardavom bo‘ling. Alloh taolodan duo qilib so‘rang, albatta qalbingizga xushu’ solib qo‘yadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar