QORIN QO‘YISH HAQIDA

ID: 366

04.04.2025

16

Savol:

Islomda qorin qo‘yish haqida nima deyilgan?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib yashash ortiqcha vazn muammosiga olib kelmaydi. Chunki Islom insonni me’yorida va sog‘lom ovqatlanish (ro‘za tutish, parhez) hamda jismoniy xatti-harakatlarni ko‘paytirishga targ‘ib qiladi. Imom Termiziy va boshqa muhaddislar Miqdod ibn Ma’diykaribdan rivoyat qilgan hadisda:

المقداد بن معدي كرب - رضي الله عنه - قال: سمعتُ رسول الله - صلى الله عليه وسلم - يقول: ما ملأ آدمي وعاء شرًّا من بطن، بحسب ابن آدم أكلات يقمن صلبه، فإن كان لا محالة فثلث لطعامه، وثلث لشرابه، وثلث لنفسه.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odam bolasiga to‘ldirish uchun qornidan ko‘ra yomon idish yo‘q. Insonga qaddini ko‘taradigan luqmalar kifoya. Agar iloji bo‘lmasa, qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafasi uchundir”.

Ushbu hadisda me’yorida taomlanishga targ‘ib bo‘lsa, Imom Muslim va boshqalar Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jismoniy faollikka chaqirib bunday dedilar:

عن أبي هريرة  قال: قال رسول الله ﷺ: المؤمن القوي خير وأحب إلى الله من المؤمن الضعيف وفي كل خير، احرص على ما ينفعك، واستعن بالله ولا تعجز... رواه مسلم

"Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga mahbubroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor. Senga foydali bo‘lgan ishlarga haris bo‘lgin va (ishingda) Allohdan yordam so‘ragin, lekin hargiz ojizlanmagin!".

Hadislardan ma’lum bo‘lishicha, dinimiz musulmonni kuchli, chaqqon va sog‘lom bo‘lishga targ‘ib qilgan. Bugungi kunda ortiqcha vazn inson salomatligiga zarar va ko‘plab kasalliklarning sababchisi ekanligini zamonaviy tibbiyot isbotladi. Dinimizda o‘ziga ham birovga zarar yetkazish yo‘qligi haqida Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam ushbu hadisda ta’kidlaganlar:

عن أبي سعيد سعد بن سنان الخدري رضي الله عنه : أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال : لا ضرر ولا ضرار، رواه ابن ماجة والدارقطني.

ya’ni, “o‘ziga ham o‘zgaga ham zarar keltirish yo‘qdir”. Modomiki, ortiqcha vazn salomatlikka zarar keltirar ekan, uni musulmonlarga taqiqlanishi tabiiydir.

Shu o‘rinda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oxirgi zamon ummatlari to‘g‘risidagi bashoratlarini o‘z ichiga olgan hadisni eslatib o‘tish o‘rinli.

عن عِمْرَانَ بْن حُصَيْنٍ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : إِنَّ خَيْرَكُمْ قَرْنِي ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ . قَالَ عِمْرَانُ : فَلَا أَدْرِي أَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَعْدَ قَرْنِهِ مَرَّتَيْنِ أَوْ ثَلَاثَةً . ثُمَّ يَكُونُ بَعْدَهُمْ قَوْمٌ يَشْهَدُونَ وَلَا يُسْتَشْهَدُونَ ، وَيَخُونُونَ وَلَا يُؤْتَمَنُونَ ، وَيَنْذِرُونَ وَلَا يُوفُونَ ، وَيَظْهَرُ فِيهِمْ السِّمَنُ.

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlarning eng yaxshingiz mening asrimda yashaganlaringiz. So‘ng ulardan keyin kelganlar. So‘ng ulardan keyin keladiganlar. So‘ng ulardan keyin keladiganlar. (Shu yerda Imron aytadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam o‘z asrlaridan keyin ikki asrni sanadilarmi, uchta asrni tilga oldilarmi, aniq bilmayman). So‘ng ulardan keyin guvohlikka chaqirilmasa ham guvohlik beradigan, omonatdorligi yo‘q bo‘lib, xoinlik qiladigan, nazr qilib unga vafo qilmaydigan odamlar keladi. Ularda semizlik paydo bo‘ladi”.

Albatta, bu hadisda xilqat jihatidan emas, balki pala-partish ovqatlanish, yeb-ichish va maishatlarga keragidan ortiqcha berilib ketish oqibatida kelib chiqadigan tana og‘irligi haqida gap ketadi. Islomda hech qachon xilqatdagi ayb xoh u tug‘ma bo‘lsin, xoh u biror kasallik tufayli inson kamsitilmaydi. Lekin semizlik yaxshi xislat emasligidan ogohlantirish bor.

Demak, dinimizda ortiqcha vaznni beparvolik, dangasalik va me’yorida ovqatlanmaslik oqibatida to‘plashlik qoralangan ekan. Shuning uchun musulmon kishi hamma narsada shu jumladan vazn borasida ham mo‘tadil bo‘lmog‘ligi muqaddas Islomning tavsiyasi hisoblanar ekan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar