Onam bilan ayolimning munosabatlari yaxshi emas. Onam menga “Xotining bilan ajrashmasang, seni oq qilaman” deyaptilar. Onamning bu talabini qondirmasam, unga oq bo‘lamanmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Muhammad ibn Muflih Maqdisiy “Al-odobush-shar’iyya” nomli kitoblarida shunday deydilar: “Xotinini taloq qilishda ota-onaga itoat qilish vojib bo‘lmaydi. Agar otasi unga xotinini taloq qilishni amr qilsa, uni bajarmaydi”.
Odamlar tarafidan Hasan Basriy rohmatullohi alayhga: «Bir odamning onasi: «Xotiningni taloq qilasan», deb turib olsa, nima qiladi?» deyilgan ekan. Shunda Hasan Basriy rahmatullohi alayh: "Xotinini taloq qilish onaga nisbatan yaxshilik ishlardan emas", deganlar. Ya’ni, biror kishining onasi "Xotiningni taloq qilasan", deb turib olsa, taloq qilish kerak emas, onasining bu talabi noto‘g‘ri talab, noshar’iy talab. Bu masalada onaga itoat etilmaydi. Chunki shariatda ota-onaga faqat ma’ruf — yaxshi amallarda itoat etiladi. Uni bajarmasa, bolasi gunohkor bo‘lmaydi, deganidir.
«Bir kishi imom Ahmaddan: «Otam xotinimni taloq qilishimga buyurmoqda. Nima qilsam bo‘ladi?» – deb so‘radi. «Uni taloq qilma!» – dedilar. «Umar raziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga xotinini taloq qilishga buyurgan edilar-ku?» – dedi u. Shunda «Otang Umar raziyallohu anhudek bo‘lganda, sen ham qilasan», – dedilar Ahmad ibn Hanbal. YA’ni, «Otang Hazrati Umarga o‘xshab, haq va adolatni, havoyi nafsga ergashmaslikni biladigan darajaga yetmaguncha xotiningni taloq qilma», deyilmoqda (“Mavsu’a Fiqhiyya”. 8-juz, 71–72-betlar)
Xuddi shu ma’nodagi gap qizini majburlab, ajratib olishga urinadigan ota-onalar haqida ham aytiladi. Shariatning hukmi shu bo‘lganidan keyin ota-onalar insof qilishlari va o‘z farzandlarining oilasini buzishni o‘zlariga ep ko‘rmasliklari lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.