“Xo‘jalar" va "Eshonlar” o‘zlarining qaysidir jihati bilan boshqa odamlardan ustunmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Payg‘ambar avlodlari “sayyid” deyiladi. Sayyid – o‘zbek tilida xo‘ja, ulug‘, mustaqil, hukmdor, janob ma’nolarida keladi (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 3-juz). Eshon fors, tojik tillaridan olingan bo‘lib, “ular” ma’nosida keladi. Ayrim o‘zbeklar orasida xo‘jalar – to‘ralar ham deyiladi. Sayyidlar, xo‘jalar va eshonlar payg‘ambar avlodlari sifatida qarash odat bo‘lgan.
Oxir zamon payg‘ambari, sarvari koinot Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qilganlar: “Ey odamlar, Albatta sizning Robbingiz birdir. Albatta, sizning otangiz birdir. Albatta, arabning ajamdan fazli yo‘q, ajamning arabdan fazli yo‘q, qizilni qoradan, qorani qizildan afzalligi yo‘q. Faqatgina taqvo ila (Alloh huzurida) ustunlik bordir”.
Ushbu hadisda butun insoniyatning Robbisi yakka yagona ekanligi, hamda ularning otalari bitta ya’ni Odam Ato bo‘lgani aytilmoqda. Odam Ato esa tuproqdan yaratilgan. Shunday ekan kibr-havo, maqtanchoqlik, faxr tuyg‘usiga berilmaslik kerak. Arabning ajamdan afzalligi yo‘q iborasi ilohiy mezonga ko‘ra xech bir shaxsning va millatning boshqasidan ustunlik tarafi yo‘q ekanligini anglatadi. Ya’ni barchalari bu borada tengdirlar. Faqatgina afzallik Allohdan qo‘rqish bilangina bo‘ladi. Kim Allohdan ko‘proq qo‘rqsa, o‘sha kishi fazilatda ortiq bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, insonlar naslu nasabda kimning avlodlari bo‘lishlaridan qat’iy nazar Alloh taolodan qo‘rqishlari, Uning buyurganlarini so‘ssiz bajarib, shariatda qaytarilgan ishlardan tiyilishlari lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.