Nima uchun dinimizda boshqa dinlarni haqoratlash taqiqlangan?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Haqoratdan foyda yo‘q. O‘zgalarni haqorat qilish — johillarni ishi. Dinimiz har qanday johiliyat ishlaridan qaytargan. Islom o‘zga din vakillari bilan — ilm bilan munozara qilishga, ularning dinimiz borasidagi shubhalariga ilmiy asosda raddiyalar berishga buyurgan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
ادْعُ إِلَى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ وَجَادِلْهُمْ بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعْلَمُ بِمَنْ ضَلَّ عَنْ سَبِيلِهِ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ
"(Ey, Muhammad!) Rabbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o‘zi Uning yo‘lidan chalg‘igan kimsalarni yaxshi biluvchi va hidoyat topganlarni ham U biluvchiroqdir" (Nahl surasi, 125-oyat).
Qolaversa, o‘zga dinlarni haqorat qilinganda ular ham bizning dinimizni haqorat qilishlari mumkin. Buning natijasida buyuk dinimiz sha’niga noloyiq holat yuzaga keladi. Alloh taolo mo‘minlarga xitob qilib shunday degan:
وَلَا تَسُبُّوا الَّذِينَ يَدْعُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ فَيَسُبُّوا اللَّهَ عَدْوًا بِغَيْرِ عِلْمٍ كَذَلِكَ زَيَّنَّا لِكُلِّ أُمَّةٍ عَمَلَهُمْ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِمْ مَرْجِعُهُمْ فَيُنَبِّئُهُمْ بِمَا كَانُوا يَعْمَلُونَ
"Allohdan o‘zgaga sig‘inadiganlar (butlari)ni so‘kmangiz! Aks holda, ular haddan oshib, bilmasdan Allohni so‘kib yuboradilar. Shunga o‘xshab har bir ummat ishini o‘ziga chiroyli ko‘rsatib qo‘ydik. So‘ngra qaytar joylari Parvardigorlari huzurigadir. Ana o‘shanda ularga qilgan ishlarining xabarini berur" (An’om surasi, 108-oyat).
Mo‘min-musulmonlar ateistlar va g‘ayri dinlar bilan muloqotda dinimizning mana shu ko‘rsatmalarini ham yodda tutishlari lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.