Ro‘zador kishining og‘ziga yomg‘ir yoki qor parchasi kirsa, ro‘za buziladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ro‘zador kishining og‘ziga beixtiyor yomg‘ir tomchilari yoki qor parchalari kirib, tomog‘idan o‘tsa, ro‘zasi buziladi va qazo ro‘za tutishi vojib bo‘ladi.
Bu haqida Hanafiy fiqhiy manbalarimizda shunday deyiladi:
لَوْ وَصَلَ لِحَلْقِهِ دُمُوعُهُ أَوْ عَرَقُهُ أَوْ دَمُ رُعَافِهِ أَوْ مَطَرٌ أَوْ ثَلْجٌ فَسَدَ صَوْمُهُ لِتَيَسُّرِ طَبْقِ الْفَمِ وَفَتْحِهِ أَحْيَانَا مَعَ الِاحْتِرَازِ عَنْ الدُّخُولِ ، وَإِنْ ابْتَلَعَهُ مُتَعَمِّدًا أَلْزَمَتْهُ الْكَفَّارَةُ
ya’ni: “Ro‘zadorning tomog‘iga ko‘z yoshlari, ter tomchilari, burnidan oqqan qon, yomg‘ir yoki qor yetsa, ro‘zasi buziladi. Chunki gohida og‘izni ochib, gohida yumib, tomoqqa yuqorida sanalgan narsalar ketishidan saqlanish oson. Agar mazkur narsalarni bilib turib yutsa, kaffarot vojib bo‘ladi” (“Bahrur roiq” kitobi).
وَاخْتَلَفُوا فِي الْمَطَرِ وَالثَّلْجِ ، وَالْأَصَحُّ أَنَّهُ يَفْسُدُ لِإِمْكَانِ الِامْتِنَاعِ عَنْهُ إذَا آوَاهُ خَيْمَةٌ أَوْ سَقْف
ya’ni: “Yomg‘ir va qor (tomoqdan o‘tsa ro‘zani buzishi) haqida ulamolar ixtilof qilishgan, to‘g‘rirog‘i ro‘zani buzadi. Chunki undan chodir yoki boshqa boshpana yordamida saqlanish mumkin”(“Inoya sharhul hidoya” kitobi)
وَالْمَطَرُ وَالثَّلْجُ إذَا دَخَلَ حَلْقَهُ يُفْسِدُ صَوْمَهُ ، وَهُوَ الصَّحِيحُ كَذَا فِي الظَّهِيرِيَّةِ
ya’ni: “Yomg‘ir va qor ro‘zadorning tomog‘iga kirsa, ro‘zasini buzadi. Bu sahih qavldir. “Zahiriya” kitobida shunday kelgan” (“Fatovoi hindiya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.