TAYAMUM HAQIDA

ID: 4881

07.12.2025

237

Savol:

Ertalab uyg'onsam ehtilom bo'lib qolibman. G'uslni o'rniga Tayammum qilib namoz o'qisam bo'ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. G'usl qilishi shart bo'lgan odam o'zi sog'lom va odatdagi sharoitda bo'lsa, albatta g'usl qiladi. Bunday holatda tahorat g'uslning o'rniga o'tmaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda:

وان كنتم جنبا فاطهروا

“... agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningiz (cho'milingiz)...” – deb marhamat qilgan. (Moida surasi, 6-oyat).

Lekin quyidagi bir nechta holatlarda g'usl o'rniga tayammum qilish joizligi aytilgan:

  1. Suv bir mil uzoqda bo'lsa: Musofirmi, muqimmi, shaharning ichidami, tashidami suv bir mil (1848 metr yoki to'rt ming qadam) uzoqlikda bo'lsa, tayammum qiladi. Mazkur masofadan yaqinroqda odatdagi narxda sotilib turgan suv bo'lsa, sotib olib g'usl qiladi.

  2. Bemorlik: tayammum qilishga ruxsat beruvchi oyatda: “Agar bemor bo'lsangiz...”, – deyilgan. Birov bemor bo'lsaю, suv ishlatib tahorat yoki g'usl qilganda, halokatga uchrashi, biror a'zosi talofat ko'rishi, bemorligi ziyoda bo'lishi, cho'zilib ketishi, tuzalishi kechga qolishi kabi xavflar aniq bo'lsa, tayammum qilishi joiz. Bunda aniq tajriba yoki mohir musulmon tabibning xabariga e'tibor qilinadi.

  3. Sovuq. Qattiq sovuq tufayli joniga yoki biror a'zosiga zarar etishidan yoxud bemor bo'lib qolishidan qo'rqqan odam suvni isitishga imkon yoki hammomga kirishga pul topmasa, tayammum qilishi joiz.

  4. Dushman xavfi. Suv yaqinda, lekin suv yonida dushman bo'lsa.

  5. Chanqoq xavfi. Suv bor, lekin g'usl qilsa, ichishga suv qolmaydigan bo'lsa.

  6. Asbob yo'qligi. Suv bor, lekin uni olishga hech qanday asbob bo'lmasa, tayammum qiladi.

Agar kishi юqoridagilardan biror holatga tushsa, g'usl o'rniga tayammum bilan namozni ado etishi mumkin bo'ladi. Undan boshqa hollarda g'usl vojib bo'lgan kishi, g'usl qilishi shart. Eslatib qo'yishimiz lozimki, sababsiz g'uslni kechiktirish aslo durust emas. Imom Abu Dovud “Sunan” kitoblarida Ammor ibn Yasir raziyallohu anhudan rivoyat qilib keltiradiki, Payg'ambarimiz sallolohu alayhi vasallam shunday deganlar:

روي ابو داود في سننه عن عمار بن ياسر رضي الله عنه ان رسول الله صلي الله عيه و سلم قال ثلاثة لا تقربهم الملائكة جيفة الكافر و المتضمخ بالخلوق و الجنب الا ان يتوضا

Ya'ni: “Uch toifa odamga rahmat farishtalari yaqinlashmaydi: kofir mayitga, ayollarga xos ziynatlar bilan ziynatlangan kishilarga va junub (g'usl vojib bo'lgan)ga toki poklanmaguncha”. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar