Assalomu alaykum. Hozirgina mening mushugim vafot etdi u huddi oilamiz a'zosidek bo'lib qolgan edi. Men shuni so'ramoqchimanki qiyomatda hatto jonivorlar ham tirilar ekan. Agar Alloh nasib qilib jannatga kirsak shu vafot etgan mushugimni yana ko'rish imkoni bo'ladimi?
Jannatda mo‘min banda uchun ko‘ngil istagan va xayolga kelgan har qanday ne’mat muhayyo qilinadi. Bu Alloh taoloning aniq va’dasidir. Qur’oni Karimda: «...U yerda ko‘ngil ishtaha qiladigan va ko‘zlar lazzatlanadigan narsalar bordir....» (Zuxruf surasi, 71-oyat) deb marhamat qilingan. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan jannatda tuyalar bo‘ladimi, deb so‘raganida, u zot: «Agar Alloh seni jannatga kiritsa, u yerda senga ko‘ngling istagan va ko‘zing lazzatlangan narsalar bo‘ladi» (Imom Termiziy rivoyati) deb javob berganlar.
Shunday ekan, agar Alloh nasib qilib jannatga kirsangiz va u yerda dunyodagi o‘sha jonivoringizni ko‘rishni chin dildan istasangiz, har ishga qodir bo‘lgan Zot sizning bu xohishingizni ham ro‘yobga chiqarishi, uni siz uchun yaratib berishi hech gap emas. Zero, jannatda hech qanday armon va mahzunlik bo‘lmaydi.