Namoz qazo bo'lib qolsa avval qaysi namoz o'qiladi qazo namozimi yokm vaqti kelgan namozmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Agar kishi “ahli tartib” bo'lsa, ya'ni, zimmasidagi qazo namozlari olti mahalga etmagan bo'lsa, bunday kishilar qazo namoz o'qishda tartibga rioya qilishlari kerak bo'ladi. Misol uchun, ahli tartib kishi Bomdod namozini qazo qilib qo'ysa va shu Bomdodni o'qimasdan Peshin namozini o'qisa, Peshin namozi durust bo'lmaydi. Чunki bu kishi ahli tartib bo'lgani uchun namozlarni o'qishda ham tartibiga rioya qilishi kerak edi. Ya'ni, birinchi qazo qilgan Bomdodni o'qishi va keyin Peshinni o'qishi kerak edi. Qazo bo'lgan Bomdodni o'qimasdan Peshinni birinchi o'qib qo'ysa, o'qigan namozi bekor bo'lib, Bomdodni qazosidan keyin yana Peshinni o'qishi kerak bo'ladi.
Ahli tartib kishi Vitr namozini ham rioyasini qiladi. Ya'ni, Vitr namozini qazo qilib qo'ysa, uni o'qimasdan Bomdod namozini o'qishi durust bo'lmaydi. Hatto bunday paytda Bomdodni jamoat bilan o'qishi ham durust bo'lmaydi. Albatta, birinchi qazo qilgan Vitr namozini o'qib, keyin Bomdodni ado qiladi. “Al-Muxtasar fil fiqhil hanafiy” kitobida “ahli tartib” kishi haqida shunday deyilgan:
وإذا فاتته أقل من ست صلوات: يجب الترتيب بين الفوائت والوقتية أى: يجب أن يقضي الفوائت قبل أداء الوقتية فإن أدى الوقتية قبل قضاء الفوائت: لا تصح الوقتية. وكذلك يجب الترتيب فيما بين الفوائت، فإن فاتته الفجر والظهر والعصر والمغرب: يقضي الفجر ثم الظهر ثم العصر وهكذا، فإن قضى الظهر قبل الفجر أو العصر قبل الظهر لم يصح، وعليه الإعادة.
ya'ni: “Agar kishining qazolari olti namozdan kam bo'lsa, bunday kishi qazo namozlar bilan vaqtida o'qiladigan namozlarning o'rtasida tartibga rioya qilishi vojib bo'ladi. Ya'ni, vaqti kirgan namozni o'qishdan oldin qazo qilgan namozni o'qishi lozim bo'ladi. Agar qazo qilgan namozni o'qishdan oldin vaqti kirgan namozni o'qisa, vaqtidagi namozi durust bo'lmaydi. Shuningdek, bunday ahli tartib kishiga qazo qilgan namozlarini o'qishda ham tartibga rioya qilishi vojib bo'ladi. Masalan, bunday kishi Bomdod, Peshin, Asr va Shom namozlarini qazo qilsa, birinchi Bomdodning qazosini, keyin Peshinni, so'ngra Asrni va oxir Shomni qazosini o'qiydi. Agar mabodo, Bomdodning qazosidan oldin Peshinni qazosini o'qib qo'ysa yoki Peshindan oldin Asrni qazosini o'qib qo'ysa, durust bo'lmaydi. Balki, Peshin va Asrni qazosini qayta tartib bilan o'qishi kerak bo'ladi”.
Agar kishi “ahli tartib” bo'lmasa, ya'ni zimmasidagi qazo namozlari olti mahalga etgan bo'lsa yoki undan ham ko'p bo'lsa, bunday kishi “ahli tartib”likdan chiqadi va vaziyatga qarab, xohlasa, birinchi qazo namozini o'qiydi, xohlasa vaqti kirgan namozni birinchi o'qib, keyin qazo namozini o'qiydi.
Bu haqda “Al-Muxtasar fil fiqhil hanafiy” kitobida shunday deyilgan:
وإن فاتته ست صلوات أو أكثر لا يجب الترتيب، فيجوز أن يؤدى الوقتية قبل قضاء الفوائت، و كذلك لا يجب الترتيب فيما بين الفوائت، فيجوز أن يقضي الظهر قبل قضاء الفجر، أو العصر قبل قضاء الظهر.
ya'ni: “Agar kishining zimmasida olti yoki undan ortiq qazo namozlari bo'lsa, unday kishiga qazo namozlarni o'qishda tartibga rioya qilish vojib bo'lmaydi. Demak, bunday kishi qazo namozini o'qishdan oldin vaqti kirgan namozni o'qishi joiz bo'ladi.
Shuningdek, bunday kishiga (zimmasida olti yoki undan ortiq qazo namozlari bor kishiga) qazo namozlarini o'qishda ham tartibga rioya qilishi vojib bo'lmaydi. Demak, bunday kishi Bomdodning qazosini o'qishdan oldin Peshinning qazosini o'qishi joiz yoki Peshinning qazosini o'qishdan oldin Asrning qazosini o'qishi joiz”. Vallohu a'lam.