Ba’zi yoshi kattalarimiz yoki diniy tushunchalari yetarli bo‘lmagan insonlardan "musulmonmiz" deyish o‘rniga "musurmonmiz" deganlarini eshitib qolamiz. Avvaliga talaffuzda xatolik bo‘ldi degan yaxshi gumonda bo‘lamiz. Lekin xar gal takrorlaganda xuddi shunday "musurmonmiz" deb aytishadi. Shunaqa holatlarda biz mo‘min musulmonlar qanday yo‘l tutsak bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Albatta, bu kabi xatolar ko‘pincha yoshi katta kishilardan yoki dinimiz ta’limotidan uzoqroq kishilardan sodir bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Bunday paytda sodir bo‘lgan xatoni chiroyli yo‘l bilan, yumshoq muomala bilan to‘g‘irlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zotan husni xulq dinimizning asosiy ta’limotlaridandir. Ammo, tushuntirshlarga qaramay bunday so‘zlarni qasddan buzib ishlatsa yoki istehzo (masxaralash) ma’nosida ishlatsa, kishi bu bilan albatta gunohkor bo‘ladi. Zero Alloh taolo “Mutoffifiyn” surasida quyidagicha marhamat qiladi:
“Albatta, jinoyat qilganlar iymon keltirganlar ustidan kular edilar. Agar mo‘minlar ularning yonidan o‘tsalar, masxaralab ishora qilar edilar”. (29, 30 oyatlar) Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.