Bundan taxminan 15 yil oldin. To'yga pul yig'gan edik 2go'shtga. Unda bu ish mumkin emasligi bilmas edim. Xozir yaqinda yana to'y bo'lishi kerak pulini 2 go'shtga berasan dedi to'y egasi. Unga kimdir 10 yildan oshgan bo'lsa bo'laveradi debti. Man mumkin emas deb bilar edim. Shunga aniqlik kiritib bersez. Oldindan raxmat.
Va alaykum assalom va rohmatulloh. Sinfdoshlar, do'stlar, yaqinlar o'rtasida to'yga pul yig'ish - qarz berish hisoblanadi, chunki bunda ma'lum miqdorga kelishiladi va hamma bir-biriga qaytarishi shart. Buni to'y sababli berilgan shunchaki hadya yoki sovg'a deya olmaymiz. Zero sovg'a bo'lganida edi, aniq miqdor belgilab qo'yilmagan va qaytarish majburiy qilib qo'yilmagan bo'lardi. Modomiki, bu amaliyot qarz muomalasi ekan, kishi kimdan qancha miqdorda pul olgan bo'lsa, o'sha miqdorning o'zini qaytarishi lozim bo'ladi. Undan ortiqcha qaytarishi ribo bo'lib qoladi. Masalan, 10 yil oldin ikki kg go'shtning summasi 50 ming so'm bo'lib, siz shuncha to'yona olgan bo'lsangiz, hozir ikki kg go'sht narxi 250 ming so'm bo'lsa, siz qarzingizni besh barobar ko'paytirib qaytarayotgan bo'lasiz. Bu esa ribo bo'ladi. Qarzni so'mda olib, uni go'shtga bichib qo'ya olmaysiz. Agar to'yonaga ikki kg go'sht berilganda edi, go'sht narxi oshib ketgan bo'lsa ham, ikki kg go'sht qaytarar edingiz. Shariatimizga ko'ra qarz o'z miqdoricha qaytariladi, garchi pulning qadri o'zgargan bo'lsa ham. "10 yildan oshgan bo'lsa, bo'laveradi", degan gap yo'q. Hamma bir yilda, bir vaqtda uylanmasligini bilib turib, o'zaro rozi bo'lib qarz bergansizlar. Shuning uchun oradan 10 yil o'tib ketdi, endi pulimning qadri tushib ketdi, deya olmaysizlar. Agar birov bir oy yoki 10 kunga qarz olib, keyin puli bo'lsa ham bermay 10 yil cho'zib, bermay юrsa va shu davrda pul haddan ortiq ko'p inflyaцiyaga uchrasa, ana shu holatdagina ayrim olimlar pulning tillodagi qiymatini qaytaradi, deganlar. Ammo sizning holat bunga tushmaydi, zotan sizlar muddat uzoq cho'zilishini oldindan bilgansizlar, ustiga-ustak go'shtga bichib, mabodo narx o'zgarsa, ko'paytirib qaytarishi mumkinligiga ham kelishib olgansizlar. Bu holatda qarzni ortiqcha qilib qaytarilsa, avvaldan kelishilgan ribo bitimini amalga oshirayotgan bo'lib qoladi. Shuning uchun olgan summadan ortiqcha qaytarishingiz mumkin emas. U tomon ham undan ortiqcha talab qilishga haqqi yo'q. Vallohu a'lam.