Men bir ishdan saqlanishga doim harakat qilaman, lekin nafsimga kirib yana qilib qo‘yaman. Bir kuni shu ishni qilmay deb aytdimki: "Agar yana bir bor shu ishni qilsam kofir bo‘lay" dedim. Afsuski men yana shu ishni qilib qo‘ydim, endi men nima qilay, kofir bo‘lib qoldimmi, lekin alhamdulillah Alloh taologa ishonaman?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Modomiki inson Alloh taoloning borligi va birligini qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror bo‘lib turar ekan kofir bo‘lib qolmaydi, lekin bunday xatarli gaplarni aytmaslik kerak. Siz aytgan ish kufr emas, balki qasam hisoblanadi. Qasamni buzgani uchun kafforot beriladi.
وَإِنْ قَالَ إنْ فَعَلْت كَذَا فَهُوَ يَهُودِيُّ أَوْ نَصْرَانِيُّ أَوْ كَافِرٌ تَكُونُ يَمِينًا (العناية شرح الهداية)
Bir kishi "Agar shu ishni qilsam yahudiy, yoki nasroniy, yoki kofir bo‘lay", desa, bu gapi qasam bo‘ladi ("Inoya sharhul hidoya" kitobi).
Qasamni kafforati xohlasa o‘n kishini taomlantiradi, xohlasa ularni kiyim bilan ta’minlaydi. Bunda kamida shim va ko‘ylak kabi kiyimlar bo‘lishi kerak. Agar bu ikki ishdan birortasiga qodir bo‘lmasa, uch kun ketma-ket ro‘za tutishi lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.