USHBU KORXONADA ISHLASHIM JOIZMI?

ID: 341

04.04.2025

58

Savol:

Men bir mebel sexida ishlayman. Sex egalari sudxo‘rlikka katta qarz olib ish yuritishadi. Men o‘sha sexda ishlab, oylik olishim mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Qarz olib, uni ko‘paytirib qaytarish shariatimizda ribo (sudxo‘rlik) sanaladi. Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan naql qilingan hadisda shunday deyiladi:

"لعن رسول الله صلى الله عليه وسلم آكل الربا وموكله وكاتبه وشاهديه وقال: هم سواء" (رواه الإمام مسلم).

ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ribo yeyuvchini ham, yediruvchini ham, uni qayd qiluvchini va unga guvoh bo‘lganlarning barini la’natladilar va “ular gunohda tengdir”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Siz o‘zingiz ishlaydigan kichik korxona egalariga qilgan ishlari dinimiz ko‘rsatmalariga zid ekanini, ribaviy amaliyot sababli ikki dunyoda ham zarar ko‘rishi aniq ekanini tushuntirishga harakat qiling.

Ushbu kichik korxonada ishlash masalasiga kelsak, buning ikki holati bor: Birinchi holat: Ribaviy qarzga aloqasi bo‘lgan ishlar, masalan: qarzni olish, qayd etish yoki unga guvoh bo‘lish yoxud qandaydir ma’noda ushbu amaliyotga yordamlashish kabi ishlar. Shirkat yoki korxonaning ushbu ishlarida ishlash shar’an joiz bo‘lmaydi. Alloh taolo Moida surasida shunday degan:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (2-oyat).

Ikkinchi holat: Ribaviy qarzlarga aloqasi bo‘lmagan ishlar. Modomiki korxonada halol maxsulotlar ishlab chiqarilsa, ushbu korxonaning umumiy ishlarida ishlab, haq olish joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar