Farz namozini qazosini o‘qiyotganda 3-va 4-rakatlarda zam sura o‘qiladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar o‘qiyotgan namozi qazo ekani aniq bo‘lsa, unda uchinchi va to‘rtinchi rakatlarga zam sura qilmaydi. Ammo o‘qiyotgan namozi qazo ekani aniq bo‘lmay nafl bo‘lishining ham ehtimoli bo‘lsa, (masalan qazosi tugagan bo‘lib ehtiyot yuzasidan o‘qiyotgan bo‘lsa) shundagina uchinchi to‘rtinchi rakatlarga zam sura qiladi. Bu haqida “Al-Fatovol hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَقَدْ فَعَلَ ذَلِكَ كَثِيرٌ مِنْ السَّلَفِ لِشُبْهَةِ الْفَسَادِ ، كَذَا فِي الْمُضْمَرَاتِ وَيَقْرَأُ فِي الرَّكَعَاتِ كُلِّهَا الْفَاتِحَةَ مَعَ السُّورَةِ ، كَذَا فِي الظَّهِيرِيَّة
ya’ni: “O‘tgan salafi solihlarning ko‘plari kishi bilmagan holda namozi buzilgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylab bir necha yillik qazolarni o‘qiganlar, “Muzmarot” kitobida shunday kelgan. Shunday holatlarda hamma rakatlarda “Fotiha” va zam surani o‘qiydi, “Zahiriya” kitobida shunday keltirilgan”(Namoz kitobi, Qazo bo‘lgan namozlarni o‘tash bobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.