Agar kiyimdagi najosat ruxsat etilgan miqdordan oshib ketsayu, kiyimni almashtirishning imkoni bo‘lmasa (ishda, mehmonda bo‘lib, qolsa) namozini qazo qilib, uyiga borganda kiyimini o‘zgartirib ado etadimi yoki qazo qilmasdan shu kiyimida namoz o‘qiydimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Aslida siz aytgan holatlar imkonsiz holatlar hisoblanmaydi. Kishi qayerda bo‘lsa ham, namozdan avval kiyimidagi najosatni ketkazishi shart bo‘ladi.
Lekin suv bo‘lmaganda ham kiyimning najas holatda bo‘lishi hech qachon namozni kechiktirishga (qazo qilishga) sabab bo‘lmaydi.
“Sharhul-viqoya” kitobida mazkur masala yuzasidan shunday deyiladi: “Najosatni ketkazuvchi suv yoki boshqa suyuqliklarni topolmagan kishi ana shu kiyimi bilan namoz o‘qiyveradi. Keyin namozini qayta o‘qimaydi. Kiyimining to‘rtdan bir qismi pok bo‘laturib, kiyimsiz namoz o‘qisa joiz bo‘lmaydi. Agar kiyimining to‘rtdan bir qismidan ham ozrog‘i pok bo‘lsa, kiyimsiz o‘qigandan ko‘ra shu kiyimda o‘qigani afzalroqdir”.
Bundan shariatimizda namozning ahamiyati qay darajada katta ekanini, biror-bir holatda ham bandadan soqit bo‘lmasligini bilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.