Takbiri tashriq necha kun davomida aytiladi, tartibi qanday bo‘ladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Takbiri tashriq – Arafa hamda qurbonlik kunlari takbir aytib Alloh taoloni ulug‘lashdir. Takbiri tashriqning aytilishi quyidagicha:
الله أكبر الله أكبر لا إله إلا الله والله أكبر الله أكبر ولله الحمد
“Allohu akbar, Allohu akbar, laa ilaaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd”.
Ma’nosi: “Alloh buyukdir, Alloh buyukdir, Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Alloh buyukdir, hamdu sano Allohga xosdir”.
Hukmi: Farz namozlarining salomidan keyin darhol mazkur takbirlarni bir marta aytish vojib (https://t.me/diniysavollar/635)dir.
Muddati: Takbiri tashriq Arafa kuni bomdod namozidan boshlanadi. Bunga hamma ulamolarimiz ittifoq qilganlar. Fatvo berilgan – Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning so‘zlariga ko‘ra takbiri tashriqning oxirgi vaqti Qurbon hayiti to‘rtinchi kunining asr namozida tugaydi. YA’ni, Arafa, Qurbon hayiti va undan keyingi uch kun, jami yigirma uch namozdan iborat bo‘ladi.
Kimlarga vojib: Takbiri tashriq – arafa va qurbon hayiti kunlari farz namozini jamoat bilan ado etgan barcha kishiga vojibdir. Lekin ayollarning jamoati makruh bo‘lgani uchun bundan mustasno (“Raddul muhtor” kitobi).
Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar. Namozga kechikib qo‘shilgan (masbuq) kishi ham namozini to‘liq o‘qib bo‘lganidan keyin takbiri tashriqni aytadi. Imom takbir aytmasa, ergashuvchilar aytadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.