NAMOZDAN KEYIN ARABCHA DUO QILISH

ID: 931

04.04.2025

1964

Savol:

Namozdan keyin qanday arabcha duolar qilish kerak?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuga har bir farz namozdan so‘ng qanday duo qilishni ta’lim berganlar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 أَخَذَ رَسُولُ اللهِ ﷺ بِيَدِهِ يَوْمًا ثُمَّ قَالَ: «يَا مُعَاذُ، وَاللهِ إِنِّي لَأُحِبُّكَ». فَقَالَ مُعَاذٌ: بِأَبِي وَأُمِّي يَا رَسَولَ اللهِ، وَأَنَا وَاللهِ إِنِّي لَأُحِبُّكَ، فَقَالَ: «أُوصِيكَ يَا مُعَاذُ، لَا تَدَعَنَّ دُبُرَ كُلِّ صَلَاةٍ أَنْ تَقُولَ: اللَّهُمَّ أَعِنِّي عَلَى ذِكْرِكَ وَشُكْرِكَ وَحُسْنِ عِبَادَتِكَ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni qo‘limdan ushlab, “Ey Muoz, Allohga qasamki, men seni yaxshi ko‘rurman», dedilar. “Ey Allohning Rasuli, ota-onam sizga fido bo‘lsin, Allohga qasamki, albatta, men ham sizni yaxshi ko‘raman», dedim. U zot: “Ey Muoz, men senga har bir namozdan keyin «Allohumma a’inni ala zikrika va shukrika va husni ibadatika” deyishni tark qilmasligingni tavsiya qilaman”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qilganlar).

Duoning ma’nosi: “Allohim, Seni zikr qilishda, Senga shukr qilishda va Senga go‘zal ibodat qilishda menga yordam ber”.

Shu bilan birga namozdan keyin kishi o‘zi, ahli oilasi, yaqinlari va barcha mo‘min-musulmonlar haqiga umumiy duolar qilishi mumkin. Bunda duoning aynan arab tilida bo‘lishi talab etilmaydi. Eng muhim, duo qilayotgan kishi chin ixlos bilan va duosining ijobatiga ishonib duo qilishi kerak. “Ijobat bo‘larmikin” degan ikkilanish bilan so‘rash duoning ijobat bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

  ادْعُوا اللَّهَ وَأَنْتُمْ مُوقِنُونَ بِالإِجَابَةِ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ لاَ يَسْتَجِيبُ دُعَاءً مِنْ قَلْبٍ غَافِلٍ لاَهٍ.  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّنْ عن أَبِى هُرَيْرَةَ 

ya’ni: “Allohning ijobatiga qat’iy ishongan holda duo qilinglar, bilinglarki, g‘ofil (tili talaffuz qilayotgan narsadan boshqa narsa bilan) band bo‘lgan qalbdan Alloh duoni qabul qilmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari). Alloh yanada biluvchi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar