Vitr namozining qazosi o‘qiladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, besh vaqt namozni qazosi o‘qilganidek, vitr namozini ham qazosi o‘qiladi. Bu haqida Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِذَا أَصْبَحَ أَحَدُكُمْ وَلَمْ يُوتِرْ فَلْيُوتِرْ(رَوَاهُ الإمامُ البيهقي والإمامُ الحاكم)
ya’ni: “Sizlardan biringiz vitr o‘qimasdan tong ottirsa, vitrni o‘qib olsin!” (Imom Bayhaqiy va Imom Hokim rivoyatlari).
Vitr namozining qazosini o‘qish kerakligi haqida “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyilgan:
فِي الْفَتَاوَى رَجُلٌ يَقْضِي الْفَوَائِتَ فَإِنَّهُ يَقْضِي الْوِتْرَ
ya’ni: “Fatvo kitoblarida kelishicha, qazo namozlarini o‘qiyotgan kishi vitr namozini ham qazosini o‘qiydi”.
“Mavsuatul fiqhiyya” kitobida bu haqda bunday deyilgan:
ذهب الحنفيّة إلى أنّ من طلع عليه الفجر ولم يصلّ الوتر يجب عليه قضاؤه ، سواء أتركه عمداً أم نسياناً وإن طالت المدّة ، ومتى قضاه يقضيه بالقنوت
ya’ni: “Hanafiy mazhabi bo‘yicha, kim vitr namozini o‘qimasdan tong ottirsa, vitrning qazosini o‘qib olishi lozim bo‘ladi, xoh vitrni qasddan o‘qimagan bo‘lsin, xoh unutib o‘qimagan bo‘lsin farqi yo‘q, garchi uzoq vaqt o‘tsaham. Vitr namozining qazosini o‘qiganda qunut duosini ham o‘qiydi”.
Demak, o‘z vaqtida o‘qilmagan vitr namozini qazosi o‘qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.