Sajdaga borish va undan turish tartibi qanday?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Sajdaga borilayotganda yerga yaqin a’zolar birin ketin yerga qo‘yiladi, ya’ni, tizza, qo‘llar, yuz. Sajdadan turayotganda yerdan uzoq a’zolar birinchi ko‘tariladi, ya’ni, yuz, qo‘l tizza. Zaruratsiz yerga tayanib turish makruh. “Fatavoi Hindiya” kitobida shunday deyiladi:
اِذَا اَرَادَ السُّجُودَ يَضَعُ اَوَّلًا مَا كَانَ اَقْرَبُ اِلَي الْاَرْضِ فَيَضَعُ رُكْبَتَيْهِ اَوَّلًا ثُمَّ يَدَيْهِ ثُمَّ اَنْفَهُ ثُمَّ جَبْهَتَهُ وَ اِذَا اَرَادَ الرَّفْعَ يَرْفَعُ اَوَّلًا جَبْهَتَهُ ثُمَّ اَنْفَهُ ثُمَّ يَدَيْهِ...
ya’ni: “Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo yerga yaqin bo‘lgan a’zoni (yerga) qo‘yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so‘ng ikki qo‘lini, so‘ng burnini, so‘ngra peshonasini yerga qo‘yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so‘ng burnini, so‘ngra ikki qo‘lini ko‘taradi...”.
“Muxtasarul-viqoya” kitobida esa:
"ثُمَّ يُكَبِّرُ وَ يَسْجُدُ فَيَضَعُ رُكْبَتَيْهِ ثُمَّ يَدَيْهِ... و يُكَبِّرُ وَ يَرْفَعُ رَأْسَهُ ثُمَّ يَدَيْهِ ثُمَّ كْبَتَيْهِ..."
ya’ni: “ (Namoz o‘quvchi) rukudan so‘ng takbir aytadi va sajda qiladi. Sajdaga borish asnosida avval tizzalarini so‘ngra qo‘llarini yerga qo‘yadi, (sajdadan turganida) takbir aytadi va avval boshini so‘ngra ikki qo‘li va tizzalarini yerdan ko‘taradi...”, – deyilgan.
Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
"َرأَيْتُ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَجَدَ يَضَعُ رُكْبَتَيْهِ قَبْلَ يَدَيْه وَ اِذَا نَهَضَ رَفَعَ يَدَيْهِ قَبْلَ رُكْبَتَيْهِ" (رواه الامام أبو داود والامام الترمذي عن وائل ابن حجر رضي الله عنه)
ya’ni: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni sajda qilganlarida qo‘llaridan avval tizzalarini yerga qo‘yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo‘llarini yerdan ko‘targanlarini ko‘rdim”, – deyiladi (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa rivoyatda esa:
"حَفِظْنَا عَنْ عُمَرَ فِي صَلَاتِهِ أَنَّهُ خَرَّ بَعْدَ رُكُوعِهِ عَلَى رُكْبَتَيْهِ كَمَا يَخِرُّ البَعِيرُ، وَ وَضَعَ رُكبَتَيْهِ قَبْلَ يَدَيْهِ"
(رواه الطحاوي في شرح معاني الآثار عن علقمةَ والأسودِ رضي الله عنهما)
ya’ni: “Biz hazrat Umar raziyallohu anhuning namozlaridan shuni eslab qoldikki, u kishi ruku qilganlaridan keyin xuddi tuya cho‘kkalagandek cho‘kkalar edilar va tizzalarini qo‘llaridan avval yerga qo‘yardilar”, – deyiladi (Imom Tahoviy Alqama va Asvad raziyallohu anhumolardan rivoyat qilganlar).
Bu borada bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o‘rganib, “sajda qilishda avvalo yerga yaqin a’zolar yerga qo‘yiladi va sajdadan turishda esa yerdan uzoq bo‘lgan a’zolar yerdan ko‘tariladi”, – degan fikrga ittifoq bo‘lganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.