HAJDA TIQILINCH XAVFI SABABLI MUZDALIFADAN AYOLLAR VA QARIYALAR ERTA CHIQIB KETISHLARINING HUKMI

ID: 126

04.04.2025

34

Savol:

Muzdalifada tunab qolish shartmi? Agar tiqilinch yuzaga kelish xavfi yuqori bo‘lsa, undan ertaroq ketish joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Muzdalifada turish hajning vojiblaridan biridir. Unda hayit kuni bomdod vaqti kirgandan keyin qisqa muddat bo‘lsada turish vojib, bomdod vaqtidan to kun yorishgunicha turish sunnat hisoblanadi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:

قدر الواجب منه ساعة لطيفة، وقدر السنة امتداد الوقوف الى الإسفرار جدا

“Muzdalifada turishning vojib miqdori (bomdod vaqti kirgandan keyingi) qisqa muddatdir. Sunnat miqdori esa, u yerda turish kun juda yorishib ketunicha davom etishidir” (“G‘unyatun nosik” kitobi, 266-bet).

Demak, hayit kuni bomdod vaqti bo‘lishi bilan Muzdalifada bomdod namozini  ado etib, kun yorishgunicha o‘sha yerda duo va zikrlar bilan mashg‘ul bo‘lib turish orqali ham vojib, ham sunnatni ado etilgan bo‘ladi.

Agar Muzdalifada tiqilinch yuzaga kelish xavfi yuqori bo‘lsa, kechaning ikkinchi yarmida ayollar, bemorlar va qariyalarni ertaroq chiqib ketishlariga ruxsat berilgan. Bu haqida mazhabimiz ulamolari shunday deyishgan:

ولو ترك الوقوف بها فدفع ليلًا فعليه دم إلا إذا كان لعذر بأن يكون به ضعف أو علة أو كانت امرأة تخاف الزحام فلا شيء عليه، كذا في «الهداية» و«اللباب»، فإن كان رجلا يخاف الزحام لا لنحو عجز أو مرض فتركه يلزمه دم.

“Muzdalifada turishni tark etib, tunda u yerdan (Minoga) ketsa, qon vojib bo‘ladi. Lekin zaifligi yoki kasalligi sababli yoxud ayol kishi bo‘lib, tiqilinchda qolishdan xavfsirashi sababli ketsa, uzrli hisoblanib, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi, “Hidoya” va “Lubob” kitoblarida shunday deyilgan. Agar erkak kishi, kasalliksiz, ojizliksiz tiqilinchdan xavfsirasayu, Muzdalifada turishni tark qilsa, zimmasiga jonliq so‘yish vojib bo‘ladi” (“G‘unyatun nosik” kitobi, 266-bet).

Demak, hanafiy mazhabimizga ko‘ra, ayollar, bemorlar va yoshi keksa kishilar Muzdalifada tongga qadar qolmasdan, undan ertaroq – yarim tunda ketishlari joiz. Bunda ular biror jinoyat qilgan hisoblanmaydilar va zimmalariga biror narsa lozim bo‘lmaydi. Ulamolarimiz bunga dalil sifatida quyidagi rivoyatni keltiradilar:

عن سالم قال كان أبي يقدم ضعفة أهله من المزدلفة إلى منى ويذكر أن رسول الله صلى الله عليه وسلم كان يفعله

“Otam (Abdulloh ibn Umar) ahllaridan zaif kishilarni Muzdalifadan Minoga ertaroq ketkizar edilar va “Odatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar”, der edilar” (Ibn Hibbon rivoyati).

Demak, ayollar, bemorlar va yoshi keksa kishilarni Muzdalifadan Mino vodiysiga boshqalardan ertaroq – yarim tunda ketishlari joiz bo‘lib, bu aynan Payg‘ambarimiz alayhissalomning odatlariga muvofiq sanalar ekan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar